Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Hamma narsasi bor Shaxsga nima bera olamiz?

Hamma narsasi bor Shaxsga nima bera olamiz?

Ey Tangrimiz, biz Senga shukrona keltirib, ulug‘vor ismingga madhlar aytamiz. 1 SOL. 29:13

QO‘SHIQLAR: 1, 48

1, 2. Yahova saxiylikni qanday namoyon etgan?

YAHOVA saxiy Xudodir. Bizda bori Undandir. Yahova jamiki oltinu kumushlar hamda yer yuzidagi barcha tabiiy boyliklarning egasi. Yer yuzidagi hayotni ta’minlab turish uchun U bu narsalardan foydalanadi. (Zab. 104:13–15; Xag. 2:8) Yahova bu qimmatli narsalardan foydalanib O‘z xalqini mo‘jizaviy tarzda qo‘llab-quvvatlagani haqida Muqaddas Kitobda talaygina voqealar yozilgan.

2 Masalan, Yahova 40 yil davomida Isroil xalqini sahroda manna va suv bilan ta’minlab turgan. (Chiq. 16:35) «Ular hech narsada muhtojlik ko‘rishmadi». (Naxim. 9:20, 21) Elishay payg‘ambar orqali Yahova sadoqatli beva ayolning bir ko‘za yog‘ini mo‘jizaviy tarzda ko‘paytirib bergan. Xudoning bu sovg‘asi tufayli ayol qarzidan qutulgan va o‘zi bilan o‘g‘illarining tirikchiligi uchun yetarli pulga ham ega bo‘lgan. (4 Shoh. 4:1–7) Yahovaning madadi ila Iso mo‘jizaviy tarzda odamlarni ovqat va zarur bo‘lganda pul bilan ta’minlagan. (Mat. 15:35–38; 17:27)

3. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

3 Yerdagi mavjudotlarni ta’minlab turish uchun Yahovaning ixtiyorida cheksiz zaxiralar bor. Shunga qaramay, Yahova O‘z xizmatchilarini tashkilotida bajarilayotgan ishlarni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashga taklif etyapti. (Chiq. 36:3–7; Hikmatlar 3:9 ni o‘qing.) Nega Yahova bizdan eng yaxshi narsalarimizni Unga qaytarib berishni kutyapti? O‘tmishda sadoqatli kishilar Yahovaning vakillari bajargan ishlarni moddiy tomondan qanday qo‘llab-quvvatlashgan? Bugungi kunda xayr-ehsonlarni tashkilot qanday ishlatyapti? Javoblarni ushbu maqoladan bilib olamiz.

NEGA BIZ YAHOVAGA BERAMIZ?

4. Yahovaning ishini qo‘llab-quvvatlasak Unga nimani ko‘rsatamiz?

4 Yahovaga berishimizning sababi shundaki, biz Uni sevamiz va Undan minnatdormiz. Yahovaning bizga qilgan barcha yaxshiliklari haqida o‘ylasak, qalbimiz zavq-shavqqa to‘ladi. Shoh Dovud ma’badni qurish uchun nimalar kerakligi haqida gapirganda, bizda bor narsalarning barchasi Undan ekanini va Uning qo‘lidan olgan narsalarni O‘ziga qaytarib berishimizni tan olgan. (1 Solnomalar 29: 11–14 ni o‘qing.)

5. Chin qalbdan ehson berish haq topinishda katta ahamiyatga ega ekani haqida Muqaddas Kitobda nima deyilgan?

5 Yahovaga berishimizning yana bir sababi shundaki, biz shu tariqa Unga topinamiz. Havoriy Yuhanno vahiyda Yahovaning xizmatchilari osmonda quyidagilarni aytganini eshitgan: «Ey Allohimiz Yahova, Sen shon-sharaf va kuch-qudratni egallashga loyiqsan, chunki Sen butun borliqni yaratding va hamma narsa Sening irodang ila yaratilgan va mavjuddir». (Vah. 4:11) Nahotki o‘zimizdagi eng yaxshisini Yahovaga berib, Uni shon-sharafga loyiq deb bilmasak?! Yahova Muso orqali Isroil xalqiga yiliga uch marta huzuriga kelib bayram nishonlashni amr etgan edi. Isroilliklar bayramlar paytida «Yahovaning oldiga bo‘sh qo‘l bilan kelmasligi» kerak edi. Bu topinishning bir qismi edi. (Qonun. 16:16) Bugungi kunda ham chin qalbdan ehson berish topinishimizda katta ahamiyatga ega. Shu tariqa, Yahovaning tashkiloti bajarayotgan ishni qadrlab, uni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz.

6. Berishning bizga qanday foydasi bor? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

6 Faqat olish emas, balki saxiylik bilan berish bizga foyda keltiradi. (Hikmatlar 29:21 ni o‘qing.) Faraz qiling, bola ota-onasi unga bergan ozgina pulni yig‘ib ularga sovg‘a beradi. Ular rosa xursand bo‘ladi! Kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan va ota-onasining uyida yashayotgan o‘g‘il yoki qiz ro‘zg‘orga yordam bo‘lishi uchun bir oz pul berishi mumkin. Garchi ota-onasi buni kutmasa-da, lekin ular bolasi uchun qilgan barcha yaxshiliklaridan u minnatdor bo‘lishni o‘rganishi maqsadida bunday yordamni qabul qilsa bo‘ladi. Shu singari, qo‘limizdagi eng yaxshisini berish o‘zimizga foyda keltirishini Yahova biladi.

O‘TMISHDA XUDONING XIZMATCHILARI QANDAY BERISHGAN?

7, 8. Qanday qilib qadimda Yahovaning xalqi a) muayyan ishlarga ehson qilgan? b) Xudoning ishini bajarishda boshchilikni zimmasiga olganlarni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlagan?

7 Muqaddas Kitobda aytilishicha, Yahovaning xalqi Uning ishini qo‘llab-quvvatlash uchun xayr-ehsonlar qilgan. Masalan, ular muayyan ishlarga ehson qilishgan. Muso xalqni muqaddas chodir yasash uchun, shoh Dovud esa ma’bad qurish uchun ehson qilishga da’vat etgan. (Chiq. 35:5; 1 Sol. 29:5–9) Shoh Yo‘sh davrida ruhoniylar xalq ehson qilgan pulni Yahovaning uyini ta’mirlash uchun ishlatishgan. (4 Shoh. 12:4, 5) Birinchi asrda ocharchilik dastidan imondoshlari muhtojlikda ekanidan xabar topgan masihiylarning «har biri o‘z imkoniyatiga qarab, Yahudiyada yashovchilarga yordam jo‘natishga qaror qilgan». (Havor. 11:27–30)

8 Boshqa vaziyatlarda Yahovaning xalqi Uning ishini bajarishda boshchilikni zimmasiga olganlarni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlagan. Musoning Qonuniga ko‘ra, levilar boshqa qabilalar qatori meros olmas edi. Ular butun diqqat-e’tiborini muqaddas chodirdagi xizmatga qarata olishi uchun isroilliklar ularga ushr, ya’ni o‘zida bor narsaning o‘ndan bir qismini berishgan. (Sah. 18: 21) Keyinchalik ayollar Iso bilan havoriylariga saxiylik ko‘rsatib, «o‘z mol-mulklarini unga va havoriylariga xizmat qilish uchun sarflashgan». (Luqo 8:1–3)

9. O‘tmishda ehsonlar qaysi manbalardan kelardi?

9 Xayr-ehsonlar turli manbalardan keladi. Sahroda muqaddas chodir yasalganida isroilliklar Misrdan olib kelgan narsalarni ehson qilgan bo‘lishlari mumkin. (Chiq. 3:21, 22; 35:22–24) Birinchi asrda, mol-mulki bor ba’zi masihiylar yerlariniyu uylarini sotib, pulini olib kelib havoriylarga berishardi. Havoriylar esa pullarni hammaga ehtiyojiga qarab taqsimlashardi. (Havor. 4:34, 35) Boshqalar esa Xudoning ishini qo‘llab-quvvatlash uchun pul ajratib, muntazam ravishda ehson qilib turishardi. (1 Kor. 16:2) Shu tariqa, turli insonlar — boyu kambag‘al — hissasini qo‘shardi. (Luqo 21:1–4)

BIZ QANDAY BERAMIZ?

10, 11. a) Qadimda yashagan Yahovaning xizmatchilariga saxiylikda qanday taqlid qilishimiz mumkin? b) Shohlik ishini qo‘llab-quvvatlash borasida qanday fikrdasiz?

10 Bugungi kunda bizni ham muayyan maqsadlar uchun ehson qilishga chorlab turishadi. Masalan, jamoatingiz foydalanishi uchun yangi Yig‘ilish zalini qurish rejalashtirilyaptimi? Balki Yig‘ilish zalingiz ta’mirlanayotgandir? Mahalliy filial ta’mirga muhtoj ekani haqida eshitgan bo‘lishimiz mumkin. Anjuman bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yoki tabiiy ofatdan talafot ko‘rganlarga yordam berishga hissamizni qo‘shsak bo‘ladi. Biz shuningdek Bosh idorada hamda dunyo bo‘ylab filiallarda xizmat qilayotganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ehson qilishimiz mumkin. Ehsonlarimiz bilan to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarga, maxsus kashshoflar va tuman nozirlariga ko‘mak beramiz. Qolaversa, jamoatingiz rezolyutsiya qabul qilib, Anjuman va Yig‘ilish Zallarining qurilishi uchun pul jo‘natib turishi mumkin. Bu esa dunyo bo‘ylab imondoshlarimizga katta foyda keltiradi.

11 Ushbu oxirgi kunlarda hammamiz Yahovaning ishini qo‘llab-quvvatlashda o‘z hissamizni qo‘sha olamiz. Xayr-ehsonlarning aksariyati anonim tarzda qilinadi. Yig‘ilish zalidagi qutiga pul solganimizda yoki jw.org sayti orqali ehson qilganimizda, qancha berganimizni boshqalarga bildirmaymiz. Ehtimol, qilgan ozgina ehsonimiz nazarimizda arzimasdek ko‘rinishi mumkin. Biroq bugungi kunda ehsonlarning asosiy qismini katta miqdorda pul berganlar emas, oz pul berganlar tashkil etadi. Imondoshlarimiz iqtisodiy ahvoli yomon bo‘lishiga qaramay, «g‘oyat kambag‘al» bo‘lgan va yordam berish ishida ishtirok etish sharafiga ularni ham munosib ko‘rishlarini ko‘p iltimos qilgan makedoniyaliklarga taqlid qilishadi. (2 Kor. 8:1–4)

12. Qanday qilib tashkilot ehsonlardan oqilona foydalanishga intiladi?

12 Yetakchi kengash tashkilotdagi pullarni ishlatishda ishonchli va aqlli bo‘lib, bu ishga ibodat ila yondashadi. (Mat. 24:45) Pulni sarflash borasida reja tuziladi va unga muvofiq ishlatiladi. (Luqo 14:28) Qadimda xayr-ehsonlarga mas’ul bo‘lgan kishilar mablag‘lar faqat Yahovaga topinish bilan bog‘liq ishlarga sarflanishini nazorat qilishgan. Misol uchun, Ezra Fors shohi tomonidan ehson qilingan va zamonaviy qiymati 100 million dollardan (AQSH) oshiq oltin, kumush va boshqa qimmatli buyumlarni Quddusga olib kelgan. Ezra bu narsalarga Yahovaga atalgan ixtiyoriy nazrlardek qaragan va xavfli, dushmanlarga boy hududdan eson-omon olib o‘tish uchun batafsil yo‘l-yo‘riqlar bergan. (Ezra 8:24–34) Havoriy Pavlus Yahudiyadagi birodarlarga yordam berish uchun pul yiqqan. Pulni yetkazib berganlar «bu ishni faqatgina Yahovaning nazarida emas, balki odamlarning oldida ham halollik bilan bajarishi» uchun u muayyan choralar ko‘rgan. (2 Korinfliklarga 8:18–21 ni o‘qing.) Bugungi kunda tashkilotimiz Ezra va Pavlusning o‘rnagiga taqlid qilib, berilgan ehsonlarni sarflashda qat’iy tartibga rioya qiladi.

13. Nega tashkilot so‘nggi yillarda muayyan o‘zgarishlar qildi?

13 Oila kirim-chiqim o‘rtasida muvozanat saqlanishi uchun hayotiga o‘zgarishlar kiritib turadi yoki Yahovaga ko‘proq xizmat qilish uchun hayotini soddalashtirish yo‘llarini izlaydi. Yahovaning tashkilotida ham buni kuzatish mumkin. So‘nggi yillarda ko‘p ajoyib ishlar qilindi. Natijada shu vaqt mobaynida kirimga qaraganda chiqim ko‘proq bo‘ldi. Shunda tashkilot saxiylik bilan bergan ehsonlaringizni imkon boricha to‘g‘ri sarflash maqsadida xarajatlarni kamaytirish va ishlarni soddalashtirish yo‘llarini izladi.

EHSONLARINGIZNING FOYDASI

Ehsonlaringiz umumjahon faoliyatimizga yordam bo‘ladi (14–16- xatboshilariga qarang.)

14–16. a) Ehsonlaringiz tufayli nimalar qilindi? b) Qilingan ishlar sizga qanday foyda keltirdi?

14 Yahovaga uzoq vaqtdan buyon xizmat qilib kelayotgan aksariyat kishilarning aytishicha, so‘nggi yillarda tashkilot taqdim etgan ma’naviy sovg‘alarni ular bundan oldin hech qachon ko‘rmagan. Bir o‘ylab ko‘ring, oxirgi yillarda jw.org saytimiz va JW Internet televideniyemiz paydo bo‘ldi! Ko‘p tillarda «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» nashr etildi. 2014–2015- yillarda jahon bo‘ylab 14 ta shaharning yirik stadionlarida «Xudoning Shohligi hayotingizda birinchi o‘rinda bo‘lsin!» nomli uch kunlik xalqaro anjumanlar o‘tkazildi. Anjumanga kelganlarning hammasi nihoyatda xursand edi!

15 Ko‘plar Yahovaning tashkiloti taqdim etgan ushbu sovg‘alar uchun juda minnatdor. Misol uchun, Osiyo mamlakatlarining birida xizmat qilayotgan bir juftlik JW Internet televideniyesi haqida shunday deb yozdi: «Biz kichik shaharga tayinlanganmiz. Shuning uchun ba’zan o‘zimizni boshqalardan ajralib qolgandek his qilib, Yahovaning ishi keng ko‘lamli ekanini tezda unutib qo‘yamiz. Ammo JW Internet televideniyesida ko‘rsatiladigan turli dasturlarni tomosha qilgach, xalqaro birodarlikning bir qismi ekanimizni eslaymiz. Biz uchun qadrli bo‘lgan mahalliy birodaru opa-singillar JW Internet televideniyesini tomosha qilishdan g‘oyat mamnun. Oylik dasturlarni tomosha qilgach, Yetakchi kengash a’zolari bizga yaqin ekanini his qilamiz, deb aytishganini tez-tez eshitib turamiz. Har qachongidan ko‘ra hozir ular Yahova tashkilotining bir qismi ekanidan faxrlanishadi».

16 Jahon bo‘ylab qariyb 2 500 ta Yig‘ilish zali qurilyapti yoki ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Yangi Yig‘ilish zalidan foydalanishni boshlaganda Gondurasdagi bir jamoat a’zosi shunday deb yozdi: «Biz Yahovaning olamshumul oilasining bir qismi ekanimizdan va umumjahon ajoyib birodarligimiz borligidan judayam baxtiyormiz. Ular tufayli hududimizda Yig‘ilish zaliga ega bo‘lish orzuimiz ushaldi». Ko‘plar ona tilida Muqaddas Kitob va boshqa adabiyotlar chiqqanda, tabiiy ofatdan keyin yordam olganda yoki katta shaharlarda va omma oldida shohidlik berganda o‘xshash tuyg‘ularni izhor qiladi.

17. Tashkilot ortida Yahova turgani nimadan ko‘rinyapti?

17 Bizni chetdan kuzatib turganlar buncha ishni faqatgina ehsonlar tufayli qilayotganimizni aqliga sig‘dira olmaydi. Bitta katta kompaniya ish boshqaruvchisi bosmaxonalarimizda ekskursiyada bo‘lganida, hamma ish ixtiyoriy xizmatchilar tomonidan, hech qanday pul yig‘ilmasdan xayr-ehsonlar evaziga bajarilayotganidan lol qolgan edi. U aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan ishlar qilayotganimizni aytdi. Biz uning fikriga qo‘shilamiz. Sababi, buning ortida Yahova turgani uchungina bu ish bajarilyapti. (Ayub 42:2)

YAHOVAGA QAYTARIB BERISHNING BARAKALARI

18. a) Shohlik ishini qo‘llab-quvvatlasak, qanday barakalarga ega bo‘lamiz? b) Farzandlarimiz va haqiqatga yaqinda kelganlarni ehson qilishga qanday o‘rgatishimiz mumkin?

18 Bugungi kunda olib borilayotgan ulkan ishni qo‘llab-quvvatlash imkonini berib, Yahova bizni sharafga loyiq deb topyapti. Shohlik ishini qo‘llab-quvvatlash uchun bersak, U bizga barakalar yog‘dirishni kafolatlayapti. (Mal. 3:10) Yahovaning va’dasiga ko‘ra, saxiy inson ravnaq topadi. (Hikmatlar 11:24, 25 ni o‘qing.) Berish bizni baxtli qiladi, chunki «olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta». (Havor. 20:35) So‘zlarimizu o‘rnagimiz bilan farzandlarimiz va haqiqatga yaqinda kelganlarni ehson qilishga o‘rgatib, natijada barakalardan bahramand bo‘lish mumkinligini ko‘rsatamiz.

19. Bu maqola sizni nimaga undadi?

19 Bizda bori Yahovadan. Unga qaytarib berish orqali, qilgan barcha yaxshiliklari uchun minnatdorligimizni va sevgimizni namoyon etamiz. (1 Sol. 29:17) Ma’bad qurilayotganda «xalq shod-xurramlik ila ixtiyoriy nazrlar keltirdi, chunki Yahovaga atalgan bu nazrlarni chin qalbdan olib kelishdi». (1 Sol. 29:9) Keling, Yahovaning qo‘lidan olgan narsalarni Unga qaytarib berayotib, biz ham shodlik va mamnuniyat his etaveraylik.