Asosiy materiallarga o‘tish

Iso xudomi?

Iso xudomi?

KO‘PLAB odamlar uchlik haqidagi ta’limotni «xristian dinining asosiy ta’limoti» deb hisoblaydi. Ushbu ta’limotga ko‘ra, Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh uchta shaxs bo‘lsa ham, birgalikda bitta Xudoni tashkil etadi. Kardinal (diniy unvon) Jon O’Konnor uchlik haqida qachonlardir shunday fikr bildirgan: «Bu katta sir ekanini bilamiz va uni hali-hanuz tushunganimizcha yo‘q». Nega uchlik haqidagi ta’limotni tushunish shunchalik qiyin?

«Muqaddas Kitobning tasvirli lug‘ati»da buning sabablaridan biri tushuntirilgan. U yerda shunday deyilgan: «Muqaddas Kitobning hech bir oyatida uchlik ta’limotiga ta’rif berilmagani uchungina, uni Muqaddas Kitobga zid ta’limot deb atab bo‘lmaydi». («The Illustrated Bible Dictionary») Shunga qaramay, uchlik haqidagi ta’limot tarafdorlari qayta-qayta bu ta’limotni isbotlovchi Muqaddas Kitob oyatlarini topishga urinishyapti va hatto ularni noto‘g‘ri talqin qilishdan ham tap tortishmayapti.

Rostdan ham Muqaddas Kitob oyatlari uchlikni isbotlaydimi?

Noto‘g‘ri talqin qilinadigan Muqaddas Kitob oyatlaridan biri — Yuhanno 1:1. «Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti» nashrida shunday deyilgan: «Azalda Kalom bor edi. Kalom Xudo [yunoncha ton teо́n] bilan birga edi, Kalom Xudo [teо́s] edi. Ushbu oyatda yunoncha teо́s («xudo») so‘zining ikkita ko‘rinishi ishlatilgan. Teо́n so‘zidan oldin aniq artikl ton turgani uchun, teо́n Qodir Tangriga taalluqli. Teо́s so‘zidan oldin esa artikl yo‘q. Artikl atayin tushirib qoldirilganmi?

Nega uchlik haqidagi ta’limotni tushunish shunchalik qiyin?

Yuhanno bayonoti umumiy yunon tili — koyneda yozilgan. Bu tilda aniq artikl muayyan qoidalarga ko‘ra ishlatilgan. Ilohiyotshunos Archibald Robertsonning so‘zlariga ko‘ra, agar ega va kesimdan oldin artikllar tursa, bu gap bo‘laklari «teng ma’noga ega bo‘lib, bir-birining o‘rnini bosa oladi». Buning isboti tariqasida u Matto 13:38 ni keltiradi. Bu oyatda shunday yozilgan: «Dala [yunoncha o agrо́s] — dunyo [yunoncha o kо́smos]». «Dala» va «dunyo» so‘zlaridan oldin o artikli turibdi. Grammatika shuni ko‘rsatyaptiki, dala bilan dunyo bir xil narsalarni anglatadi.

Lekin xuddi Yuhanno 1:1 dagidek, egadan oldin aniq artikl tursa, kesimdan oldin esa artikl bo‘lmasa-chi? Bu oyatni nazarda tutib, olim Jeyms Xyuett quyidagicha yozadi: «Bunday gapda ega bilan kesim teng ma’noga ega bo‘lmaydi va bir-birining o‘rnini bosa olmaydi».

Qiyoslash uchun Xyuett 1 Yuhanno 1:5 ni keltiradi: «Xudo — nur, [MKTI]». Yunonchada «Xudo» o teо́s bo‘ladi, chunki teos so‘zidan oldin aniq artikl o turibdi. Biroq fos («nur») so‘zidan oldin esa artikl yo‘q. Xyuett buni shunday tushuntirmoqda: «Xudoni nurga o‘xshatish mumkin, lekin nurni doim ham Xudoga o‘xshatib bo‘lmaydi». O‘xshash misollar sifatida Yuhanno 4:24 ni «Xudo — Ruhdir, [MKTI]» va 1 Yuhanno 4:16 ni «Xudo sevgidir, [MKTI]» keltirishimiz mumkin. Bu oyatlarda «Xudo» egasi oldidan aniq artikl turibdi, «ruh» va «sevgi» kabi kesimlardan oldin esa artikl yo‘q. Bu vaziyatda ega bilan kesim bir-birining o‘rnini bosa olmaydi. Shuning uchun ham «ruh — Xudodir» va «sevgi — Xudodir» deb aytib bo‘lmaydi.

«Kalom» o‘zi kim?

Qadimgi yunon tilini o‘rganuvchi ko‘plab Muqaddas Kitob tarjimonlari va mutaxassislari Yuhanno 1:1 da «Kalom» kim ekaniga emas, u qanday shaxs ekaniga e’tibor qaratilganini ta’kidlashmoqda. Tarjimon Uilyam Barkli quyidagicha fikr bildirdi: «[Havoriy Yuhanno] teos so‘zini aniq artiklsiz ishlatgani uchun, bu so‘z o‘ziga xos xususiyatni aks ettirmoqda... Yuhanno bu oyatda Kalom Xudoga teng shaxs, boshqacha aytganda, Iso bu Xudo deb aytmoqchi emasdi. Shunga o‘xshash fikrni olim Jeyson Bedun ham bildirgan: «Yunoncha so‘z teos artiklsiz ishlatilgan bo‘lsa, — masalan, Yuhanno 1:1 ning uchinchi qismida yozilganidek — yunonzabon o‘quvchi boshqa ma’nolarda keladigan xudo haqida gap ketayotganini darhol tushunib olgan. Teos so‘zidan oldin artikl ishlatilgani yo ishlatilmaganini o‘zbek tilida bosh harfdan (Xudo) va kichik harfdan (xudo) bilib olish mumkin. Keyin olim shunday xulosaga keladi: «Yuhanno 1:1 dagi Kalom Qodir Tangrini emas, keng ma’noda qo‘llaniladigan xudoni yoki xudoga o‘xshash xususiyatga ega shaxsni bildiradi». Bir Muqaddas Kitob ustida ishlagan olim («American Standard Version») Jozef Tayyer bu oyatni quyidagicha tushuntirdi: «Logos [yoki Kalom] xudoga o‘xshash edi, lekin Xudo emas».

Iso o‘zi hamda Otasi o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatgan

Nahotki Xudo kimligi «katta sir» bo‘lsa? Iso bunday fikrda emasdi. Iso Xudoga ibodat qilganida o‘zi hamda Otasi o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatib, shunday degan: «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak». (Yuhanno 17:3) Agar Isoning so‘zlariga ishonsak va Muqaddas Kitobning aniq-ravshan haqiqatini tushunsak, Isoni chindan ham Xudoning O‘g‘li deb hisoblaymiz. Yahovaga esa «tanho haq Xudo» sifatida topinamiz.