Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQADDAS KITOB MAVZULARI ASOSIDA SUHBAT

Xudoning Shohligi qachon boshqarishni boshladi? (1- qism)

Xudoning Shohligi qachon boshqarishni boshladi? (1- qism)

Quyida Yahova Shohidining bir inson bilan Muqaddas Kitob asosida qurgan suhbati keltirilgan. Kamron ismli bir Yahovaning Shohidi Jamshid ismli bir kishinikiga kelganini tasavvur qilaylik.

«AQL-IDROK» IZLASHDAN TO‘XTAMANG

Kamron: Jamshid, Muqaddas Kitob asosida muntazam ravishda suhbat qurayotganimizdan juda xursandman a. O‘tgan safar Xudoning Shohligi to‘g‘risida savol ko‘targandingiz. «Nega Yahovaning Shohidlari Xudoning Shohligi 1914-yili boshqarishni boshlaganiga ishonadi?» deb so‘ragandingiz.

Jamshid: Ha, adabiyotlaringizdan birini o‘qiyotgandim. Va u yerda: «Xudoning Shohligi 1914-yildan boshqarishni boshlagan»,— deb yozilgan ekan. «Barcha ta’limotlarimizni Muqaddas Kitobga asoslaymiz» deb meni qiziqtirib qo‘ydingiz.

Kamron: Ha, shunday.

Jamshid: Bilasizmi, men Muqaddas Kitobni o‘zim o‘qib chiqdim, ammo 1914-yilga ishora qiluvchi biror-bir oyatni topa olmadim. Shunga onlayn Muqaddas Kitobdan qidirib ko‘rmoqchi bo‘ldim va izlash maydonchasiga «1914-yil» deb yozdim. Lekin hech qanday natija chiqmadi.

Kamron: Jamshid, sizni ikkita narsa uchun maqtab o‘tmoqchidim. Birinchidan, Muqaddas Kitobni to‘liq o‘qib chiqibsiz. Xudoning Kalomini yaxshi ko‘radiganga o‘xshaysiz.

Jamshid: Ha, Muqaddas Kitobga o‘xshash kitob bo‘lmasa kerak.

Kamron: Qo‘shilaman. Ikkinchidan, savolingizga javob topish maqsadida Muqaddas Kitobga murojaat qilganingiz uchun maqtab o‘tmoqchiman. Muqaddas Kitob ham «aql-idrok so‘rashdan» to‘xtamang, deb undaydi b. Va siz shunday yo‘l tutdingiz.

Jamshid: Rahmat. Ha, o‘rganishda davom etmoqchiman. Tadqiq qilayotgan kitobimizdan ko‘proq izlanish o‘tkazgandim. Va u yerda 1914-yilga doir bir ma’lumotni topdim. U yerda bir shohning tushi haqida aytilgan. U tushida katta daraxtni ko‘radi, daraxt chopib tashlanadi va keyin yana o‘sishni boshlaydi. Ishqilib, mana shunaqa-da.

Kamron: Ha, bu bashorat Doniyor kitobining 4- bobida yozilgan. U yerda Bobil shohi Navuxodonosor ko‘rgan tush haqida aytilgan.

Jamshid: Ha, xuddi o‘sha. Bu bashoratni qayta-qayta o‘qidim, lekin rostini aytsam, bu bashorat Xudoning Shohligi yoki 1914-yil bilan qanday bog‘liq ekanini tushunmadim.

Kamron: Bilasizmi, Jamshid, Doniyor payg‘ambarning o‘zi ham ilohiy ilhom ostida yozgan so‘zlarining ma’nosini oxirgacha tushunmagan.

Jamshid: Rostdanmi?

Kamron: Ha, qarang Doniyor 12:8 da u nima degan. «Men buni eshitdim-u, ammo tushunmadim».

Jamshid: Qanday yaxshi? Bitta men shunaqa emas ekanman.

Kamron: Gap shundaki, Xudo o‘shanda Doniyor kitobidagi bashoratlarning ma’nosini insonlarga to‘liq ochib bermagandi. Shuning uchun ham Doniyor bashoratni tushunmagan. Lekin bugungi kunda bu bashoratlarni yaxshiroq tushuna olamiz.

Jamshid: Buni qayerdan bilasiz?

Kamron: Keyingi oyatning o‘zida bu savolga javob bor. Doniyor 12:9 da shunday yozilgan: «Bu so‘zlar oxirzamonga qadar sir saqlanib, muhrlanadi». Shunday ekan, mazkur bashoratlarning ma’nosi ancha keyin oxirzamon paytida ochilishi kerak edi. Barcha dalillar biz aynan shu paytda yashayotganimizga ishora qilmoqda. Va bu haqda yaqin oradagi tadqiqlarimizda bilib olamiz.

Jamshid: Demak, Doniyor kitobidagi bashoratni menga tushuntirib bera olasiz-a?

Kamron: Harakat qilib ko‘raman.

NAVUXODONOSORNING TUSHI

Kamron: Keling avvaliga Navuxodonosor qanday tush ko‘rganini qisqacha ko‘rib chiqaylik. So‘ng esa uning ma’nosi haqida so‘z yuritamiz.

Jamshid: Bo‘pti.

Kamron: Tushida Navuxodonosor uchi osmongacha yetgan ulkan daraxtni ko‘radi. Keyin esa Xudoning xabarchisi o‘sha daraxt kesib tashlanishi to‘g‘risida buyruq berganini eshitadi. Lekin Xudo daraxtning to‘nkasi qoldirilishini aytadi. «Yetti davr o‘tgach», o‘sha daraxt yana o‘sishi kerak edi c. Avvaliga bashorat shoh Navuxodonosorning o‘zida amalga oshgan. U o‘sha uchi osmongacha yetgan daraxt kabi qudratli bo‘lgan bo‘lsa-da, chopib tashlangan va yetti davr o‘tishi kerak edi. Keyin nima bo‘lgani esingizdami?

Jamshid: Yo‘q, negadir eslay olmayapman.

Kamron: Hechqisi yo‘q. Muqaddas Kitobga ko‘ra, shoh Navuxodonosor aqldan ozgan. Ehtimol, bu yetti yil davom etgan. Bu payt davomida u shoh sifatida boshqara olmagan. Ammo yetti davr o‘tgach, u o‘ziga kelgan va yana boshqarishda davom etgan d.

Jamshid: Yaxshi, tushundim. Lekin bularning Xudoning Shohligi va 1914-yilga qanday aloqasi bor?

Kamron: Qisqacha aytganda, bu bashorat ikki marta amalga oshishi kerak edi. Birinchi marta shoh Navuxodonosorning boshqaruvi to‘xtatilganida, ikkinchi marta esa Xudoning boshqaruvi to‘xtatilganida amalga oshgan. Bashoratning ikkinchi marta amalga oshishi Xudoning Shohligi bilan bog‘liq.

Jamshid: Bashorat ikkinchi marta amalga oshishi Xudoning Shohligi bilan bog‘liq ekanini qayerdan bilasiz?

Kamron: Birinchidan, bashoratning o‘zida bu haqda aytilgan. Doniyor 4:17 ga ko‘ra, bashorat «toki yer yuzida yashovchi odamlar Alloh Taolo insoniyat shohliklarining Hukmdori ekanini, hokimiyatni istagan kishiga berishini... bilishsin». «Insoniyat shohliklari» degan iboraga e’tibor berdingizmi?

Jamshid: Ha bu yerda «Alloh Taolo insoniyat shohliklarining Hukmdori» deyilgan.

Kamron: To‘g‘ri. Demak, oyatga ko‘ra, bu bashorat faqatgina shoh Navuxodonosor haqida emas. U shuningdek, «insoniyat shohliklarini», ya’ni Xudoning odamlar ustidan boshqaruvini o‘z ichiga oladi. Bashoratning matn tarkibi ham aynan shunga ishora qilyapti.

Jamshid: Nimani nazarda tutyapsiz?

MUQADDAS KITOBNING ASOSIY MAVZUSI

Kamron: Doniyor kitobida Muqaddas Yozuvlardagi asosiy mavzu qayta-qayta takrorlangan. Unda Isoning boshqaruvi ostida Xudoning Shohligi o‘rnatilishi to‘g‘risida aytilgan. Masalan, keling, ikkita bob orqaga qaytamiz. Iltimos, Doniyor 2:44 ni o‘qib bera olasizmi?

Jamshid: Mayli. U yerda shunday deyilgan: «O‘sha shohlarning davrida samodagi Xudo aslo yakson qilinmaydigan shohlik o‘rnatadi. Bu shohlik boshqa xalqlarning qo‘liga berilmaydi. U barcha bu shohliklarni yo‘q qilib, o‘zi abadiy turadi».

Kamron: Rahmat. Nima deb o‘ylaysiz, bu yerda Xudoning Shohligi haqida gap ketyaptimi?

Jamshid: Hm, bilmasam.

Kamron: E’tibor bergan bo‘lsangiz, oyatda Xudoning Shohligi «abadiy turadi» deyilgan. Hech bir insonning hukumat haqida bunday ayta olmaymiz. Lekin Xudoning Shohligi abadiy turadi. Shunday emasmi?

Jamshid: To‘g‘ri.

Kamron: Doniyor kitobidagi yana bir bashoratda ham Xudoning Shohligi haqida aytilgan. Bu bashorat Doniyor 7- bob 13-, 17- oyatlarda yozilgan. Bashoratda bo‘lajak Hukmdor haqida shunday deyilgan: «Unga barcha xalqlar, millatlar va turli tilda gapiradiganlar xizmat qilishi uchun, unga hukmdorlik, shon-sharaf hamda saltanat berildi. Uning hukmdorligi abadiy bo‘lib, unga aslo chek qo‘yilmaydi, shohligi yo‘q qilinmaydi». Bu bashoratda siz uchun biron narsa tanishmi?

Jamshid: Bu yerda shohlik haqida aytilgan.

Kamron: To‘g‘ri. Va bu yerda oddiy shohlik haqida aytilmayapti. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu shohlik «xalqlar, millatlar va turli tilda gapiradiganlar» ustidan boshqaradi. Boshqacha so‘zlar bilan aytganda, u butun dunyo ustidan boshqaradi.

Jamshid: Bunga e’tibor bermagan ekanman. Haqsiz, bu yerda chindan ham shunday deyilgan.

Kamron: Bashoratda yana nima deyilganiga e’tibor bering-da, «Uning hukmdorligi abadiy bo‘lib, unga aslo chek qo‘yilmaydi, shohligi yo‘q qilinmaydi». Bu so‘zlar biz hozirgina Doniyor 2:44 da o‘qigan bashoratga o‘xshab ketadi, shunday emasmi?

Jamshid: To‘g‘ri.

Kamron: Keling, ko‘rib chiqqanlarimizni qisqacha takrorlab o‘tamiz. Doniyor 4- bobdagi bashorat insonlar «Alloh Taolo insoniyat shohliklarining Hukmdori» ekanini bilishlari uchun berilgan edi. Bu shuni ko‘rsatyaptiki, mazkur bashorat faqatgina Navuxodonosorga tegishli emas. U kengroq miqyosda amalga oshishi kerak edi. Doniyor kitobida Iso Masihning boshqaruvi ostidagi Xudoning Shohligi haqida ko‘proq bashoratlarni topsa bo‘ladi. Nima deb o‘ylaysiz, buning asosida Doniyor kitobidagi bashorat ham Xudoning Shohligi haqida deb xulosa chiqarish to‘g‘rimi?

Jamshid: Menimcha, ha. Lekin haliyam bu qanaqasiga 1914-yil bilan bog‘liq ekanini tushunmayapman.

«YETTI DAVR O‘TSIN»

Kamron: Esingizda bo‘lsa, bashoratdagi daraxt shoh Navuxodonosorni bildiradi. Daraxt chopib tashlanganida, uning boshqaruvi to‘xtatilgandi va bundan keyin yetti davr o‘tgandi. Keyin Navuxodonosor aqldan ozadi. Yetti davr o‘tgach, u o‘ziga keladi va yana boshqarishni boshlaydi. Bashorat ikkinchi marta amalga oshganida, Xudoning Shohligi vaqtinchalik to‘xtatib turiladi, lekin bu Uning Shohligi muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun yuz bermaydi.

Jamshid: Bu bilan nima demoqchisiz?

Kamron: Muqaddas Kitob yozilgan davrda, Isroil shohlari Quddusda Yahovaning taxtida o‘tirishgan. e Ular Xudoning nomidan xalqni boshqarishgan. O‘sha shohlarning boshqaruvi Xudo boshqarayotganining ramzi bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tib, aksariyat shohlar Xudoga itoatsiz bo‘lib qolgan va fuqarolar ularning yomon o‘rnagiga ergashgan. Isroil xalqining itoatsizligi dastidan Xudo miloddan avvalgi 607-yili bobilliklar Isroil xalqini bosib olishiga yo‘l qo‘ygan. O‘sha paytdan boshlab, Quddusda Yahovaning nomidan hech bir shoh boshqarmagan. Qaysidir ma’noda o‘shanda Xudoning boshqaruvi to‘xtatilgandi. Hozir aytganlarim sizga tushunarli bo‘ldimi?

Jamshid: Ha.

Kamron: Shunday qilib yetti davr yoki Xudo boshqaruvining to‘xtatilish payti mil. avv. 607-yilda boshlandi. Yetti davr tugagach, Xudo Uning nomidan boshqaradigan yangi boshqaruvchini tayinlaydi. Faqat bu hukmdor osmondan turib boshqaradi. Shu paytdan boshlab, birga o‘qiganimizdek, Doniyor kitobidagi boshqa bashoratlar ham amalga oshishni boshlashi kerak edi. Faqat muhim bir savol ochiq qolmoqda: yetti davr qachon tugadi? Bu savolga javob topsak, Xudoning Shohligi qachon boshqarishni boshlaganini bilib olamiz.

Jamshid: Tushunarli. Hozir taxmin qilib ko‘ray-chi. Yetti davr 1914-yili tugadimi?

Kamron: To‘ppa-to‘g‘ri, topdingiz.

Jamshid: Ammo buni qayerdan bilishimiz mumkin?

Kamron: Iso yer yuzidagi xizmati davomida yetti davr hali tugamaganiga ishora qilgan f. Bundan xulosa qilsak bo‘ladiki, yetti davr uzoq muddatni o‘z ichiga oladi. Bu davr Iso yer yuziga kelishidan yuzlab yillar oldin boshlangan va Iso osmonga qaytganidan keyin ham qaysidir muddat davom etgan. Esingizda bo‘lsa, oxirzamonga qadar Doniyor kitobidagi bashoratlarning ma’nosini tushunish qiyin bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, XIX asrning oxirida samimiy Muqaddas Kitob tadqiqotchilari bu bashoratlarni o‘rganishga qiziqishgan va ularni puxta tadqiq qilishgan. Ular yetti davr 1914-yilda yakun topishini tushunib yetishgan. Aynan o‘sha yildan boshlab sodir bo‘lgan ko‘plab dunyo voqealari Xudoning shohligi 1914-yilda boshqarishni boshlaganini tasdiqlamoqda. Mayli bugunga yetsa kerak-a?

Jamshid: Ha, bu ma’lumotni yaxshiroq tushunish uchun uni yana o‘qib chiqsam kerak.

Kamron: Xavotirlanmang. Barchasini tushunishim uchun menga ham vaqt kerak bo‘lgan. Ammo umid qilamanki, suhbatimiz yordamida Yahovaning Shohidlari Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi ta’limotni Muqaddas Kitobga asoslashini ko‘ra oldingiz.

Jamshid: Sizlar o‘z e’tiqodingizni Muqaddas Kitob asosida tushuntira olishingiz, meni doim lol qoldirgan.

Kamron: Ko‘ryapmanki, sizda ham shunday istak bor. Hali aytganimdek, bularning barini birdaniga tushunish oson emas. Ehtimol, sizda haliyam savollar bordir? Masalan, yetti davr Xudoning Shohligiga tegishli ekanini va u mil. avv. 607-yili boshlanganini tushundik. Lekin o‘sha yetti davr 1914-yili tugaganini qayerdan bilamiz? g

Jamshid: Ha, rostdan ham qiziq savol.

Kamron: Muqaddas Kitobning o‘zi bu yetti davr qancha davom etganini aniqlashimizga yordam beradi. Keyingi safar buni muhokama qilishga nima deysiz?

Jamshid: Ha, zo‘r bo‘lardi.

Muqaddas Kitobga tegishli qaysidir mavzu sizni qiziqtiradimi? Yahova Shohidlarining e’tiqodi yoki faoliyati bilan qiziqyapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, Yahova Shohidlaridan biriga murojaat qilishga ikkilanmang. Ular bajonidil sizga qiziqarli bo‘lgan mavzular asosida suhbat qurishadi. h

a Yahovaning Shohidlari odamlarning uyiga kelib, ular bilan bepul Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishadi va Muqaddas Kitob asosida turli mavzularda suhbatlar qurishadi.

f Oxirzamon haqidagi bashoratida Iso quyidagicha aytgan: «[Xudoning boshqaruvini bildiradigan] Quddus bo‘lsa, o‘zga xalqlar davri tugaguncha ular tomonidan oyoq osti qilinadi». (Luqo 21:24) Iso yer yuzida bo‘lganida, Xudoning boshqaruvi hali-hanuz tiklanmagandi va bu oxirzamonga qadar davom etishi kerak edi.

h Ushbu turkumning navbatdagi maqolasida yetti davrni davomiyligini tushuntiruvchi Muqaddas Kitob oyatlari muhokama qilinadi.