Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3- QISM

Muammoni hal qilish yo‘llari

Muammoni hal qilish yo‘llari

«Bir-biringizni samimiyat bilan sevinglar, chunki sevgi ko‘pgina gunohlarni qoplaydi» (1 Butrus 4:8).

Turmush qurib birga yashay boshlagan ekansiz, turli muammolar yuzaga keladi. Chunki fikrlash tarzingiz, tuyg‘ularingiz va hayotga bo‘lgan qarashlaringiz turlicha. Yoki boshqa muammolar va kutilmagan vaziyatlar ham kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi hech gap emas.

Muammolar paydo bo‘lganda, ayrim juftliklar ota-onasi yoki qarindoshlariga murojaat qilishadi. Yoshi ulug‘ kishilardan maslahat izlash yaxshi albatta, biroq e’tiboringizni Muqaddas Kitobga qaratsangiz, qiyinchiliklar nikohingizga putur yetkaza olmaydi (Matto 5:23, 24). Ikkalangiz ham u yerda yozilgan me’yorlarni qo‘llab, muammolarni hal qila oladigan darajada donolikka ega bo‘lasiz.

1 MASLAHATLI ISH BITAR

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «So‘zlashning ham o‘z vaqti bor» (Voiz 3:1, 7). Muammo haqida gaplashish uchun yetarlicha vaqt ajrating. Bu borada nimani his qilayotganingizni va o‘ylayotganingizni turmush o‘rtog‘ingizga ochiqchasiga ayting. Unga doim «haqiqatni gapiring» (Efesliklarga 4:25). Tuyg‘ularingizni jilovlash qiyin kechsa-da, jahlingizga erk bermang. «Yaxshi so‘z bo‘ldiradi, yomon so‘z kuydiradi»,— deganlariday, yumshoq javob janjalning oldini oladi (Hikmatlar 15:4; 26:20).

Gapingiz bir joydan chiqmagan taqdirda ham, sevgi va hurmatni ko‘rsatishni yodda tutib, xushmuomala bo‘ling (Kolosaliklarga 4:6). Og‘zingizga talqon solib yurishning o‘rniga, masalani iloji boricha tezroq hal qiling (Efesliklarga 4:26).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Muammoni muhokama qilish uchun qulay fursatni tanlang.

  • Juftingizning gapini bo‘lmay tinglang. Shunda, sizga ham gapirish navbati tegadi.

2 TINGLANG VA TUSHUNISHGA INTILING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Chin ko‘ngildan sevinglar. Bir-biringizni hurmat qilishda tashabbus ko‘rsatinglar» (Rimliklarga 12:10). Qay tarzda tinglashingiz muhim ahamiyat kasb etadi. Umr yo‘ldoshingizning nuqtai nazarini tushunishga harakat qilayotib: «Hamdard... va kamtar bo‘linglar»,— degan maslahatga amal qiling (1 Butrus 3:8; Yoqub 1:19). O‘zingizni tinglayotganday ko‘rsatish, noto‘g‘ri bo‘lardi. Iloji bo‘lsa, qilayotgan ishingizni bir chetga surib, bor diqqatingizni juftingizga qarating yoki keyinroq suhbatlashishni taklif qiling. Agar turmush o‘rtog‘ingizni dushman emas, do‘st deb bilsangiz, darrov qizishib ketmaysiz (Voiz 7:9).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Umr yo‘ldoshingizning gaplari g‘ashingizga tegsa ham, uni diqqat bilan tinglang.

  • So‘zlarining mohiyatini tushunishga intiling. Imo-ishoralari va ovozining ohangini inobatga oling.

3 QARORGA MUVOFIQ YO‘L TUTING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Har bir mehnatdan foyda bor, quruq gap esa kambag‘allik keltiradi» (Hikmatlar 14:23). Yaxshi yechimni topishning o‘zi yetarli emas. Ikkalangiz birgalikda chiqargan qarorga amal qilishingiz lozim. Buning uchun ko‘p ter to‘kish talab etilishi mumkin, ammo bu shunga arziydi (Hikmatlar 10:4). Agar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsangiz, mehnatlaringiz «yaxshi taqdirlanadi» (Voiz 4:9).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Muammoni hal qilish uchun har biringiz nima qilishingiz kerakligini aniq belgilab oling.

  • Erishganlaringizni vaqti-vaqti bilan sarhisob qiling.