Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

133-BOB

Isoni dafn qilishadi

Isoni dafn qilishadi

MATTO 27:57–28:2 MARK 15:42–16:4 LUQO 23:50–24:3 YUHANNO 19:31–20:1

  • ISONING JASADI USTUNDAN TUSHIRILADI

  • JASAD DAFN QILISH UCHUN TAYYORLANADI

  • AYOLLAR QABR BO‘SH EKANINI KO‘RISHADI

Juma, 14-nison. Kech tushyapti. Quyosh botishi bilan 15- nison, Shabbat kuni boshlanadi. Iso olamdan o‘tdi, yonidagi ikkita qaroqchi esa hali tirik. Tavrotga ko‘ra jasadlar «kechasi bilan ustunda qolib ketmasligi» kerak, shuning uchun «uni o‘sha kunning o‘zida» dafn qilish lozim. (Qonunlar 21:22, 23)

Buning ustiga, juma Tayyorgarlik kuni bo‘lgani uchun, odamlar taom pishirishlari va Shabbat tugaguncha qoldirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarini tugatishlari lozim. Quyosh botganida «ulug‘» Shabbat boshlanadi. (Yuhanno 19:31) 15- nison yetti kun nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayramining birinchi kuni bo‘ladi. 15- nison haftaning qaysi kuni bo‘lishidan qat’i nazar doim Shabbat hisoblangan. (Levilar 23:5, 6) Bu safar 15- nison shanba kuniga to‘g‘ri kelib, haftalik Shabbat edi. Ikkala Shabbat ham bir kunga tushib qolgani uchun uni «ulug‘» Shabbat deb nomlashadi.

Yahudiylar Pilatdan Iso bilan ikkita qaroqchining o‘limini tezlashtirishni so‘rashadi. Qanaqasiga? Buning uchun ularning oyoqlarini sindirishadi. O‘shanda ustunga mixlanganlar nafas olish uchun tanasini ko‘tara olishmaydi. Askarlar ikkita qaroqchi bilan aynan shunday yo‘l tutishadi. Lekin Iso o‘lganini ko‘rib uning oyoqlarini sindirishmaydi. Shu tariqa, Zabur 34:20 dagi so‘zlar amalga oshadi: «Uning barcha suyaklarini saqlaydi, ulardan hech biri sindirilmaydi».

Iso o‘lganiga amin bo‘lish uchun askarlardan biri nayza bilan uning biqinini teshadi. Nayza yurak sohasidan o‘tadi va «shu zahoti o‘sha joydan qon va suv oqib chiqadi». (Yuhanno 19:34) Natijada, yana bir bashorat amalga oshadi: «O‘zlari badanini teshgan kishiga ular qarab turishadi». (Zakariyo 12:10)

Oliy Kengashning obro‘li a’zosi, Yusuf ismli arimateyalik «boy kishi» ham Iso qatl qilingan joyga keladi. (Matto 27:57) U Xudoning Shohligi kelishini kutib yurgan «yaxshi va odil kishi» sifatida tasvirlangan. «Yahudiylardan qo‘rqqani uchun Isoning yashirin shogirdi bo‘lgan» bu kishi Kengash Isoga chiqargan hukmni qo‘llab-quvvatlamagan. (Luqo 23:50; Mark 15:43; Yuhanno 19:38) Yusuf jasoratga to‘lib Pilatning oldiga boradi-da, Isoni dafn etish uchun ruxsat so‘raydi. Pilat yuzboshini chaqiradi va u Iso o‘lganini tasdiqlaydi. Shunda Pilat Yusufga ruxsat beradi.

Yusuf Isoning jasadini ustundan tushirib, o‘zi sotib olgan a’lo sifatli zig‘ir kafanga o‘raydi-da, uni dafn qilishga tayyorlaydi. «Ilk bor kechasi Isoning oldiga kelgan Nikodim» unga yordam beradi. (Yuhanno 19:39) U o‘zi bilan taxminan 30 kilogramm (taxminan yuz Rim funti) qimmatbaho mirra va aloe aralashmasini olib keladi. Yahudiylarning odatiga ko‘ra, ular Isoning jasadini bu xushbo‘y o‘tlar bilan kafanlashadi.

Yusuf yaqin oradagi qoyada o‘yilgan, hali hech kim qo‘yilmagan qabrga egalik qilardi. U yerga Isoning jasadini qo‘yishadi. So‘ng qabr og‘ziga katta toshni yumalatishadi. Shabbat kuni boshlanishiga oz vaqt qolgani uchun bularning barchasini tezda qilishadi. Ehtimol, magdalalik Maryam va kichik Yoqubning onasi Maryam Isoning jasadini dafn qilish uchun tayyorlashga yordam berishadi. Hozir esa ular «xushbo‘y o‘tlar va moyni tayyorlab kelish uchun» uyga shoshilishyapti. Shabbat o‘tgach ularni Isoning jasadiga qo‘yishadi. (Luqo 23:56)

Ertasiga, Shabbat kuni bosh ruhoniylar-u farziylar Pilatning yoniga yig‘ilib: «O‘sha yolg‘onchi hali tirikligida: “Uch kundan keyin men tirilaman”,— degani esimizga tushdi. Shuning uchun qabrni qo‘riqlashni buyuring, tag‘in shogirdlari jasadni o‘g‘irlab ketib, xalqqa: “U tirildi”,— deyishmasin. Shunda oxirgi yolg‘on birinchisidan ham oshib tushadi». Pilat bo‘lsa ularga: «Mana, soqchilarni olinglar-da, borib bilganlaringni qilinglar»,— deydi. (Matto 27:63–65)

Yakshanba kuni ertalab magdalalik Maryam, Yoqubning onasi Maryam va boshqa ayollar Isoning tanasiga qo‘yish uchun xushbo‘y o‘tlar bilan qabr yoniga kelishadi. Ular bir-biridan: «Qabr og‘zidagi toshni bizga kim yumalatib berar ekan-a?» — deb so‘rashadi. (Mark 16:3) Lekin kuchli zilzila yuz beradi. Xudoning farishtasi osmondan tushib, qabr og‘zidagi toshni yumalatadi. Soqchilar qochib ketishgan, qabr esa bo‘m-bo‘sh!