Doniyor 10:1-21

  • Doniyorning oldiga Xudoning elchisi keladi (1-21)

    • Mikoil farishtaga yordamga keladi (13)

10  Fors shohi Kir+ hukmronligining uchinchi yili Beltashazar+ deb atalgan Doniyorga vahiy berildi. Bu xabar haqiqat bo‘lib, buyuk jang haqida edi. Doniyor xabarni angladi, boisi vahiyda ko‘rganlarining ma’nosi unga ochib berildi.  O‘sha kunlari, men, Doniyor, to‘liq uch hafta mobaynida qayg‘urdim+.  Bu uch hafta davomida hech qanday tansiq taom yemadim, tomog‘imdan go‘sht ham, sharob ham o‘tmadi, badanimga moy ham surtmadim.  Birinchi oyning 24- kuni ulkan daryo — Dajla*+ daryosining bo‘yida turgan edim.  Boshimni ko‘tarib qarasam, zig‘ir matodan kiyim kiygan+, beliga Ufaz oltinidan belbog‘ taqqan bir kishi turibdi.  Uning tanasi xrizolitday porlar+, yuzi chaqmoqday nur sochardi. Ko‘zlari esa mash’aladay yonib turar, qo‘l-oyoqlari yaltiroq misday bo‘lib+, ovozi katta xaloyiqning ovoziday edi.  Bu vahiyni faqat men, Doniyor, ko‘rdim. Yonimda bo‘lgan odamlar ko‘rmadi+. Biroq ularni qattiq vahima bosib, qochib ketishdi va yashirinishdi.  Men yolg‘iz qolib, ushbu ajoyib vahiyni ko‘rayotganimda bo‘shashib, rang-ro‘yim oqarib ketdi, tinka-madorim quridi+.  So‘ngra uning gapirayotganini eshitdim. Ammo so‘zlarini tinglab turganimda, yerda yuztuban yotib, qattiq uxlab qoldim+. 10  Biroq bitta qo‘l menga tegib+ uyg‘otdi, shunda men qo‘llarimga tayanib, tizzalarimga ko‘tarildim. 11  U menga: «Ey Doniyor, sen nihoyatda aziz insonsan+. Senga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlarimni diqqat bilan tingla. O‘rningdan tur, chunki men sening oldingga yuborildim»,— deb aytdi. U shunday deganida, men qaltiragancha oyoqga turdim. 12  Keyin u menga quyidagicha dedi: «Ey Doniyor, qo‘rqma+. Bu narsalarni tushunish uchun qalbingni ochib, Xudoying oldida o‘zingni past tutgan kuningdayoq duolaring ijobat bo‘ldi. Shu bois, oldingga keldim+. 13  Fors shohligining sarkardasi+ 21 kun menga qarshilik ko‘rsatdi. Lekin bosh sarkardalardan biri Mikoil*+ menga yordamga keldi. Men o‘sha yerda Fors shohlari yonida qoldim. 14  Kunlarning oxirida xalqing bilan nimalar sodir bo‘lishini tushuntirish uchun yoningga keldim+. Chunki bu vahiy kelajakda nima yuz berishi haqidadir»+. 15  U menga shu so‘zlarni aytgach, men boshimni egib, gapirolmay qoldim. 16  So‘ng inson bolasiga o‘xshagan bittasi og‘zimga qo‘lini tekkizdi+ va men tilga kirib, ro‘paramda turgan kishiga: «Taqsirim, men ko‘rgan vahiy dastidan qaltirab, holim qolmadi+. 17  Shunday ekan, men qulingiz, qanday qilib taqsirim bilan gaplasha olaman?+ Axir tinka-madorim quriganidan nafas olishga ham kuchim yo‘q-ku!»+ — dedim. 18  Shunda inson bolasiga o‘xshagan bittasi menga yana qo‘lini tekkizib, kuch ato etdi+. 19  So‘ng u menga: «Ey, aziz inson+, qo‘rqma+. Tinchlik senga yor bo‘lsin!+ Kuchli va baquvvat bo‘l!» — deb aytdi. U men bilan gaplashib turganida, kuchga to‘lib: «Taqsirim, gapiring, chunki menga kuch ato etdingiz»,— dedim. 20  U menga shunday dedi: «Oldingga nega kelganimni bilasanmi? Endi, Fors sarkardasi+ bilan jang qilish uchun ortga qaytaman. Men ketgach, Yunoniston sarkardasi keladi. 21  Biroq senga haqiqat kitobida yozilgan narsalarni so‘zlab beraman. Zero, bu borada sarkardang+ Mikoildan+ boshqa meni qo‘llab-quvvatlaydigan hech kim yo‘q.

Izohlar

Ibr. Xiddekel.
Ma’nosi «Xudoga o‘xshash kim bor?»