Sahroda 1:1-54

  • Jangga yaroqli kishilar ro‘yxatga olinadi (1-46)

  • Levilar harbiy xizmatdan ozod (47-51)

  • Chodirlarni tartib bo‘yicha tikish (52-54)

1  Isroil xalqi Misr yurtidan chiqqanining ikkinchi yili, ikkinchi oyning birinchi kuni+ Yahova Musoga Sinay sahrosida+, uchrashuv chodirida+ quyidagilarni aytdi:  «Har bir erkakning ismini qayd etgan holda, Isroil o‘g‘illarining butun jamoasini, oilalari va xonadonlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazinglar+.  Sen bilan Horun Isroilda harbiy xizmatga yaroqli bo‘lgan 20 va undan yuqori+ yoshdagi erkaklarni guruhlari* bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazinglar.  Yoningizga har bir qabiladan xonadon boshi bo‘lgan bir kishini olinglar+.  Sizlarga yordam beradigan kishilarning ismlari quyidagichadir: Ruben qabilasidan Shaduvorning o‘g‘li Elizur+,  Shimo‘n qabilasidan Zurishadayning o‘g‘li Shalumiyol+,  Yahudo qabilasidan Ominadovning o‘g‘li Naxsho‘n+,  Issaxor qabilasidan Zuvor o‘g‘li Natanil+,  Zabulun qabilasidan Xalon o‘g‘li Eliyob+, 10  Yusufning o‘g‘illaridan: Efrayim+ qabilasidan Omihudning o‘g‘li Elishama, Manashe qabilasidan Padozurning o‘g‘li Gamaliel, 11  Benyamin qabilasidan Gido‘naxning o‘g‘li Avidon+, 12  Dan qabilasidan Omishadayning o‘g‘li Oxazar+, 13  Osher qabilasidan Oxronning o‘g‘li Paxiyol+, 14  Gad qabilasidan Duvelning* o‘g‘li Eliasaf+, 15  Naftali qabilasidan Enanning o‘g‘li Oxir+. 16  Bu kishilar — jamoa ichidan da’vat etilganlar, otalari qabilalarining yo‘lboshchilari+, Isroil o‘g‘illarining mingboshilari»+. 17  Muso bilan Horun, ismlari aytib o‘tilgan kishilarni yonlariga olishdi. 18  Ular ikkinchi oyning birinchi kuni butun jamoani to‘plab, 20 va undan yuqori+ yoshdagi erkaklarning har birini oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazdilar. 19  Ular buni Yahova Musoga buyurganiday qilishdi. Shu tariqa, u Sinay sahrosida ularni ro‘yxatdan o‘tkazdi+. 20  Isroilning to‘ng‘ich o‘g‘li Rubenning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 21  Ruben qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 46 500 kishini tashkil etdi. 22  Shimo‘nning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 23  Shimo‘n qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 59 300 kishini tashkil etdi. 24  Gadning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 25  Gad qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 45 650 kishini tashkil etdi. 26  Yahudoning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 27  Yahudo qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 74 600 kishini tashkil etdi. 28  Issaxorning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 29  Issaxor qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 54 400 kishini tashkil etdi. 30  Zabulunning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 31  Zabulun qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 57 400 kishini tashkil etdi. 32  Yusufning Efrayimdan+ kelib chiqqan avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 33  Efrayim qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 40 500 kishini tashkil etdi. 34  Manashening+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 35  Manashe qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 32 200 kishini tashkil etdi. 36  Benyaminning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 37  Benyamin qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 35 400 kishini tashkil etdi. 38  Danning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 39  Dan qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 62 700 kishini tashkil etdi. 40  Osherning+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 41  Osher qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 41 500 kishini tashkil etdi. 42  Naftalining+ avlodlari oilasi va xonadonlari bo‘yicha nomma-nom ro‘yxatdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatga yaroqli 20 va undan yuqori yoshdagi erkaklarning har biri sanab chiqildi. 43  Naftali qabilasidan ro‘yxatga olinganlarning soni 53 400 kishini tashkil etdi. 44  Muso, Horun va Isroilning 12 ta yo‘lboshchisi ro‘yxatdan o‘tkazgan kishilar shulardan iborat. Yo‘lboshchilarning har biri o‘z xonadonining vakili edi. 45  Isroilda harbiy xizmatga yaroqli bo‘lgan, 20 va undan yuqori yoshdagi Isroil o‘g‘illarining bari xonadonlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazildi. 46  Ro‘yxatdan o‘tkazilganlar jami bo‘lib 603 550 kishini tashkil etdi+. 47  Ammo levilar+ boshqa qabilalar qatori ro‘yxatdan o‘tkazilmadi+. 48  Chunki Yahova Musoga shunday degan edi: 49  «Faqat Levi qabilasini ro‘yxatdan o‘tkazma, ularni Isroilning boshqa o‘g‘illari kabi sanama+. 50  Levilarni shohidlik sandig‘i+ turgan muqaddas chodir, undagi barcha anjomlar va unga tegishli barcha narsalar uchun javobgar etib tayinla+. Ular muqaddas chodir bilan uning barcha anjomlarini ko‘tarib yurishsin+, muqaddas chodirda xizmat qilishsin+ hamda chodirlarini uning atrofiga tikishsin+. 51  Muqaddas chodir ko‘chirilishi kerak bo‘lganda, levilar uni yig‘ishsin+. Qayta o‘rnatish kerak bo‘lganda ham, levilar uni o‘rnatishsin. Lekin haqqi bo‘lmagan kishi* chodirga yaqinlashsa, o‘ldirilsin+. 52  Isroil o‘g‘illarining har biri chodirini tayinlangan qarorgohga, uchta qabiladan tarkib topgan harbiy bo‘linmasi joylashgan joyga+ guruhlari bo‘yicha tiksin. 53  Isroil o‘g‘illarining jamoasiga Xudoning qahri kelmasligi uchun, levilar chodirlarini shohidlik sandig‘i turgan muqaddas chodirning atrofiga tikishsin+. Ular shohidlik sandig‘i turgan muqaddas chodirga g‘amxo‘rlik qilishga* mas’uldirlar»+. 54  Isroil xalqi hammasini Yahova Musoga buyurganday bajardi. Ular aynan aytilganiday qilishdi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «qo‘shinlari».
Ibroniycha Masoret matnida, Samariya Tavroti qo‘lyozmalarida va lotincha Vulgatada «Duvel», yunoncha Septuagintada va suryoniy Peshittada esa «Ruvel» sifatida uchraydi.
So‘zma-so‘z «begona», ya’ni levi emas.
Yoki «himoyalashga, unda xizmat qilishga».