Asosiy materiallarga o‘tish

TASODIFMI YOKI IJOD MAHSULIMI?

Karam oq kapalagining V-simon shaklda qanot yozishi

Karam oq kapalagining V-simon shaklda qanot yozishi

Kapalak pirillab uchishidan oldin qanotlarini harakatga keltiradigan mushaklarini quyoshda isitib oladi. Ammo bulutli kunlarda karam oq kapalagi boshqa kapalaklardan oldinroq uchib ketadi. Buning siri nimada?

Quyidagi fikrga e’tibor beraylik: Havoga ko‘tarilishdan avval ko‘p turdagi kapalaklar qanotlarini yiqqan holda yoki ularni gorizontal holatda yozib quyoshda isinadi. Lekin karam oq kapalagi isinayotganida qanotlarini V-simon shaklda yozadi. Bir izlanishga ko‘ra, yetarlicha isinish uchun kapalak qanotlarini yiqqan holatidan taxminan 17 daraja qiyalikda ushlab turadi. Bu tufayli quyosh energiyasi uchishda ishlatiladigan ko‘krak qismidagi mushaklargacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borib, parvozdan oldin ularni qizitadi.

Ekseter universitetining (Angliya) tadqiqotchilari quyosh panellarining samaradorligini oshirish uchun ularni karam oq kapalagiga o‘xshatib V-simon shaklda ishlab chiqarish borasida izlanishlar olib borishdi. Ushbu izlanishlar natijasida ishlab chiqarilgan energiya miqdori deyarli 50 foizga oshgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, tadqiqotchilar kapalak qanotining ustki yuzasi yuqori darajada yorug‘lik nurini qaytarish xususiyatiga ega ekanini aniqlashdi. Ular karam oq kapalagining V-simon shaklidan va qanotining nur qaytaruvchi xususiyatidan andoza olib, yengilroq va samaraliroq quyosh panellarini ishlab chiqarishdi. Shuning uchun ham tadqiqot guruhining a’zosi — professor Richard Ffrench-Konstent karam oq kapalagini «quyosh energiyasini to‘plash bo‘yicha mutaxassis» deb atadi.

Nima deb o‘ylaysiz? Karam oq kapalagining V-simon shaklda qanot yozishi evolyutsiyaning natijasimi yoki ijod mahsulimi?