Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM | BOLA TARBIYASI

Qay yo‘sin ota-onalar farzandlariga ta’lim-tarbiya bera oladi?

Qay yo‘sin ota-onalar farzandlariga ta’lim-tarbiya bera oladi?

 Nimani bilishingiz kerak?

Bugungi kunda ayrim madaniyatlarda farzandlar ota-onalari bilan yaqin munosabatlarga ega va ulardan yo‘l-yo‘riq izlashadi. Boshqa madaniyatlarda esa yoshlar ko‘pincha tengdoshlaridan maslahat so‘rashadi.

Tengdoshlaridan yo‘l-yo‘riq izlagan yoshlar ota-onalarining pand-nasihatini pisand qilmay qo‘yishadi. Shunga bunday farzandlar o‘smir yoshga yetganida, ota-onalar ularga so‘zi o‘tmayotganini his qilishlari mumkin. Buning ajablanarli joyi yo‘q, sababi farzandlar boshqa bolalar bilan ko‘p vaqt o‘tkazishsa, ular ota-onasining emas, balki bir-birining tarbiyasini olishadi.

Nega farzandlar ota-onalari bilan emas, balki tengdoshlari bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishi osonroq? Quyidagi omillarni ko‘rib chiqaylik:

  • Maktab. Farzandlar ko‘p vaqtini boshqa bolalar bilan o‘tkazishsa, bir-biriga bog‘lanib qolishadi va ular uchun ota-onalaridan ko‘ra tengdoshlarining ko‘nglini olish muhimroq bo‘lib qolishi mumkin. O‘smirlik yoshida esa bu yanada dolzarb muammoga aylanishi ehtimoldan yiroq emas.

    Farzandlar sinfdoshlarining emas, ota-onalarining ko‘nglini olishni muhimroq deb bilishlari kerak

  • Birga kam vaqt o‘tkazish. Ko‘p oilalarda bolalar maktabdan qaytishganida uyda hech kim bo‘lmaydi, chunki ota yoki ona, yo bo‘lmasa, ularning ikkovi ham ishda bo‘lishi mumkin.

  • O‘smirlar madaniyati. Bolalar o‘smirlik davriga qadam tashlashganida o‘smirlar madaniyati bo‘yicha yashay boshlashadi. Bu madaniyatning kiyinish, gapirish va o‘zini tutish borasida o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. Ko‘p hollarda o‘smirlar uchun ota-onalarining ular haqidagi fikri emas, tengdoshlarining fikri muhimroqdir.

  • Marketing. Ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini va ko‘p o‘yin-kulgi turlarini asosan yoshlar uchun yaratishadi. Bu tufayli ota-onalar va ularning o‘smir yoshdagi farzandlari o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga keladi. «Agarda o‘smirlar madaniyati yo‘q bo‘lib ketganida edi,— deb yozadi psixolog Robert Epstayn,— milliardlab dollar daromad keltiradigan industriyalarning aksariyati bir zumda kasodga uchragan bo‘lardi». *

 Nima qila olasiz?

  • Bolangiz bilan yaqin munosabatlarni saqlang.

    Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Bugun men sizlarga buyurgan bu so‘zlarni qalbingizda saqlanglar. Ularni farzandlaringizga uyda o‘tirganingizda ham, yo‘lda ketayotganingizda ham, yotganingizda ham, turganingizda ham aytib, qalblariga jo qilinglar». (Qonunlar 6:6, 7)

    Farzandlaringizning tengdoshlari ularga do‘st bo‘lishi mumkin, lekin ular ota-onadek pand-nasihat bera olmaydi. Lekin ruhingiz tushmasin, sababi mutaxassislarning aytishicha, aksariyat bolalar va o‘smirlar ota-onasiga hurmat ko‘rsatib, ularni mamnun qilishni istaydi. Agar farzandlaringiz bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lsangiz, ularga tengdoshlaridan ko‘ra ko‘proq ta’sir qila olasiz.

    «Bolalaringiz bilan vaqt o‘tkazishingiz darkor, masalan, ovqat pishirish, uy yig‘ishtirish va hatto uy vazifasini bajarish kabi kundalik ishlarni birga qilsangiz bo‘ladi. Birgalikda maroqli ishlar bilan shug‘ullaning, jumladan, o‘yinlar o‘ynang, filmlar ko‘ring yoki televizor tomosha qiling. “Ozgina-yu sozgina” degan fikrdan qoching, chunki bolalaringiz bilan yetarlicha vaqt o‘tkazmasangiz, yaqin munosabatlarni rivojlantira olmaysiz». (Lorreyn)

  • Farzandingiz faqat tengdoshlari bilan emas, balki boshqa yoshdagi kishilar bilan ham do‘stlashsin.

    Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Ahmoqlik bolaning qalbiga o‘rnashgan». (Hikmatlar 22:15)

    Ba’zi ota-onalar farzandlarining do‘stlari ko‘pligidan ko‘ngli to‘q bo‘ladi. To‘g‘ri, farzandingiz tengdoshlari bilan do‘stlashsa, bu unga boshqalar bilan tezda chiqishib ketishga yordamlashadi, ammo u yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishi uchun turli yoshdagi kishilar bilan do‘stlashishi lozim. Sababi tengdoshlar bola muhtoj bo‘lgan ta’lim-tarbiyani bera olmaydi, buni faqat mehribon ota-ona a’lo darajada bajara oladi.

    «Bolaning tengdoshlari ayrim narsalar borasida bilimga ega bo‘lishi mumkin, lekin ular boshqa bolalarga to‘g‘ri qarorlar chiqarishga ko‘maklashadigan hayotiy ko‘nikmalarga, tajribaga va donolikka ega emas. Farzandlar ota-onalarining yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilishsa, yoshlariga mos ravishda ulg‘ayib, yetuk inson bo‘lishadi». (Nadiya)

  • Dono maslahatlar bering.

    Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi». (Hikmatlar 13:20)

    Farzandlaringiz ulg‘ayib qolgan bo‘lsa-da, siz bilan vaqt o‘tkazishdan katta foyda olishlari mumkin. Ularga yaxshi o‘rnak ko‘rsating.

    «Bolalar uchun eng zo‘r namuna — ularning ota-onasidir. Farzandlar ota-onasini sevib, hurmat qilishga o‘rganishsa, ularga o‘xshab katta bo‘lishni istashadi». (Ketrin)

^ 7- x.b. «Teen 2.0—Saving Our Shildren and Families From the Torment of Adolessense» nomli kitobdan olingan.