Asosiy materiallarga o‘tish

OILA UCHUN YORDAM

Qay yo‘sin sevgini ko‘rsatsa bo‘ladi?

Qay yo‘sin sevgini ko‘rsatsa bo‘ladi?

Yillar o‘tgani sayin, ba’zi turmush o‘rtoqlar bir-biriga his-tuyg‘ularini kamroq izhor qila boshlaydi. Agar sizning ham nikohingizda shunday bo‘layotgan bo‘lsa, bu sizni tashvishga solishi kerakmi?

 Nimani bilishingiz kerak?

Nikoh mustahkam bo‘lishi uchun sevgi muhimdir. Jismoniy tanamiz kuchli va sog‘lom bo‘lishi uchun muntazam ravishda ovqat va suv zarur bo‘lganidek, nikoh mustahkam bo‘lishi uchun doimiy ravishda sevgini ko‘rsatish muhimdir. Turmush qurganingizga bir necha o‘n yillar bo‘lgan bo‘lsa ham, bir-biringizni sevgingizda va mehringizda ishontirib turish lozim.

Haqiqiy sevgi o‘z manfaatini ko‘zlamaydi. Sevgi baxtiyorlik ulashishga intiladi. Mulohazakor turmush o‘rtoq sevgisini esiga kelgandagina izhor etmaydi, aksincha, u umr yo‘ldoshi sevgiga muhtoj ekanini tushunadi va uning bu ehtiyojini qondirishga intiladi.

Odatda, ayollar erkaklarga qaraganda, ko‘proq sevgi izhorlariga muhtoj bo‘ladi. Er xotinini qattiq sevishi mumkin. Ammo u faqat kun boshida va oxirida yoki jinsiy yaqinlikdan avval sevgisini izhor etsa, xotini uning sevgisi chin ekanida shubhalanishi hech gap emas. Kun davomida sevgini izhor qilib turish ancha yaxshiroqdir.

 Nima qila olasiz?

Sevgini so‘zlaringiz ila ko‘rsating. «Sizni sevaman» yoki «Men uchun azizsiz» kabi gaplar turmush o‘rtog‘ingizni quvontirishi mumkin.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Odamning dilida nima bo‘lsa, tili shuni gapiradi». (Matto 12:34)

Maslahat. Gapirish bilan chegaralanib qolmang. Turmush o‘rtog‘ingizga xatcha, elektron maktub yoki SMS xabarlar yuboring.

Sevgingizni amalda ko‘rsating. Quchoqlash, o‘pish yoki shunchaki qo‘l ushlash orqali «sizni sevaman» deb nimani nazarda tutganingizni ko‘rsata olasiz. Mehr ila silab, sevgi bilan qarab yoki ba’zan sovg‘alar qilib samimiy g‘amxo‘rligingizni namoyon eta olasiz. Xotiningizga yordam berish, masalan, sumkalarni ko‘tarish, eshik ochish, idish va kirlarni yuvish yoki ovqat tayyorlash haqida nima desa bo‘ladi? Ko‘pgina ayollar uchun bu shunchaki yordam emas, balki sevgini amalda ko‘rsatishdir!

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Bir-birimizni so‘z yoki til bilangina emas, balki amalda... sevishimiz kerak». (1 Yuhanno 3:18)

Maslahat. Turmush qurishdan avval uchrashgan paytingizdagidek e’tiborli bo‘ling.

Bir-biringiz uchun vaqt ajrating. Turmush o‘rtoq bilan yolg‘iz qolish nikoh rishtalarini mustahkamlaydi va umr yo‘ldoshingizni u bilan birga bo‘lish siz uchun yoqimli ekaniga ishontiradi. Albatta, farzandlaringiz tufayli yoki kuni bo‘yi qiladigan ishlar ko‘p bo‘lsa, bir-biringizga vaqt ajratish qiyin kechishi mumkin. Balki faqat ikkovingiz muntazam ravishda sayr qilishni rejalashtira olarsiz.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar». (Filippiliklarga 1:10)

Maslahat. Ayrim juftliklar band bo‘lishiga qaramay, birga vaqt o‘tkazish maqsadida muntazam ravishda «romantik oqshom» yoki «romantik dam olish kunlarini» uyushtirishadi.

Turmush o‘rtog‘ingiz nimaga muhtoj ekanini biling. Har bir inson o‘zgacha tarzda sevgiga muhtojdir. Umr yo‘ldoshingiz bilan har biringiz nimaga muhtoj ekaningiz va bu uchun nimalar qilish mumkinligini muhokama qiling. So‘ng turmush o‘rtog‘ingizning ehtiyojlarini qondirish uchun jon kuydiring. Shuni unutmangki, nikoh rishtalari mustahkam bo‘lishi uchun sevgi muhimdir.

Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Sevgi... o‘z manfaatini ko‘zlamaydi». (1 Korinfliklarga 13:4, 5)

Maslahat. Sevgini talab qilishdan ko‘ra, o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Turmush o‘rtog‘im meni ko‘proq yaxshi ko‘rishi uchun nima qilsam bo‘ladi?»