Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ha, hayot yashashga arziydi!

Ha, hayot yashashga arziydi!

Fayzalning xotini vafot etganidan taxminan bir yil o‘tgach, uning yuragida jiddiy operatsiya o‘tkazilishi kerak bo‘ldi. U shunday dedi: «Ayub kitobini o‘qiganimda, Yahova bu parcha Muqaddas Kitobga kiritilishini bejizga istamaganini tushunaman. Muqaddas Kitobda biznikiga o‘xshash vaziyatlarga tushgan kishilar haqida o‘qiganimizda, bu bizga tasalli baxsh etadi». So‘ng u: «Ha, hayot yashashga arziydi»,— deb qo‘shib qo‘ydi.

Tarshaning onasi olamdan o‘tganida, u hali juda yosh edi. Tarsha quyidagilarni aytdi: «Muammolarim ko‘p bo‘lsa-da, Yaratuvchini yaqindan bilish hayotimga mazmun, umid va quvonch bag‘ishlaydi. Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashiga va yordam berishiga amin bo‘lishimiz mumkin».

OLDINGI maqolalarda ko‘rib chiqqanimizday, hayotimiz turli falokatlar dastidan qiyinchilikka to‘la bo‘lishi mumkin. Muammolaringiz bilan kurashayotgan ekansiz, sizni ham: «Hayot yashashga arziydimi?» yoki «Mening kimgadir keragim bormi?» — degan savollar qiynashi mumkin. Shunga amin bo‘lingki, Xudo dardingizga befarq emas. Siz Uning nazarida nihoyatda qadrlisiz.

Zabur kitobining 86- sanosini yozgan kishi Xudoga bo‘lgan ishonchini quyidagi so‘zlar bilan izhor qilgan: «Musibat kunimda Senga yuzlanaman, boisi, Sen menga javob berasan». (Zabur 86:7) Ehtimol, siz «Qanday qilib Xudo “musibat kunimda” menga javob berishi mumkin?» deb o‘ylayotgandirsiz.

To‘g‘ri, Alloh muammolaringizni shu zahotiyoq hal qilib bermas, ammo U bardoshli bo‘lishingiz uchun O‘z Kalomi orqali sizga ichki xotirjamlik ato etishini aytmoqda. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Hech narsadan tashvishlanmanglar, lekin ibodat va iltijoda tilaklaringizni minnatdorchilik bilan Allohga bildiringlar. Shunda har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi qalbingizni va ongingizni... himoya qiladi». (Filippiliklarga 4:6, 7) Iltimos, quyidagi oyatlar qay yo‘sin Xudo bizga g‘amxo‘rlik qilayotganiga ishontirishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring.

Xudo sizga g‘amxo‘rlik qilyapti

«Alloh ulardan [chumchuqlardan] bittasini ham unutmagan... Sizlar ko‘pgina chumchuqlardan ko‘ra qadrliroqsiz». (Luqo 12:6, 7)

O‘YLAB KO‘RING. Chumchuqlar kabi kichkina qushchalarga insonlar ahamiyat berishmas, lekin Xudo ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Bu qushchalarning birortasi ham Xudoning nazaridan chetda qolmaydi; ularning har biri qadrli tirik mavjudot. Insonlar esa Alloh uchun chumchuqlardan ham qadrli. Ular Xudoning yer yuzidagi ijodlari ichida eng noyobi. Chunki insonlar Xudoga «o‘xshash» qilib yaratilgan, ya’ni ular Uning ajoyib fazilatlarini o‘zida rivojlantirib, namoyon eta olishadi. (Ibtido 1:26, 27)

«Ey Yahova, Sen meni o‘rganib chiqding, Sen meni bilasan... O‘y-fikrimni... tushunasan... Meni tekshirib, tashvishli o‘y-fikrlarimdan xabardor bo‘l». (Zabur 139:1, 2, 23)

O‘YLAB KO‘RING. Xudo sizni juda yaxshi biladi. U qalbingiz tubidagi his-tuyg‘ularingiz va tashvishlaringizdan xabardor. Ehtimol, boshqalar muammo-yu qiyinchiliklaringizni tushunmas, biroq Alloh sizga g‘amxo‘rlik qiladi va yordam berishni istaydi. Shunday ekan hayot yashashingizga arziydi.

Xudo sizni qo‘llab-quvvatlaydi

«Ey Yahova, ibodatimni eshit, yordam so‘rab qilgan faryodim Senga yetib borsin... Egilib menga quloq tut, chaqirganimda menga tez javob ber... U muhtojlarning iltijosiga e’tibor beradi». (Zabur 102:1, 2, 17)

O‘YLAB KO‘RING. Yahova insonlar azob-uqubatlar dastidan to‘kkan har bir ko‘z yosh haqida biladi. (Zabur 56:8) Shu jumladan sizning ko‘z yoshlaringiz haqida ham. U sizni nihoyatda qadrlagani uchun barcha qiyinchilig-u ko‘z yoshlaringizni yodida tutadi.

«Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman. Senga kuch ato etaman, yordam beraman... Men, Tangring Yahova, o‘ng qo‘lingdan ushlab: “Qo‘rqma! Senga yordam beraman”,— deyman». (Ishayo 41:10, 13)

O‘YLAB KO‘RING. Alloh sizga yordam berishga tayyor. Agar yiqilsangiz ham U sizni ko‘taradi.

Porloq kelajakka umidimiz bor

«Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhanno 3:16)

O‘YLAB KO‘RING. Alloh sizni shunchalik qadrlaydiki, siz uchun O‘z O‘g‘li Iso Masihni tayyorlik ila qurbon qilgan. Ushbu qurbonlik tufayli siz toabad baxtli va mazmunga to‘la hayot kechirishingiz mumkin *.

Hayotingiz qiyinchiliklarga to‘lib, tushkunlikka tushganda ham Allohning Kalomini sinchkovlik bilan o‘rganing va Uning va’dalari amalga oshishiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlang. Bu sizni baxtiyor qilib, hayot yashashga arzigulik ekaniga ishonch baxsh etadi.

^ Isoning qurbonligi sizga qanday foyda keltirishi mumkinligi haqida ko‘proq bilib olish uchun www.ps8318.com saytiga kirib, «Iso Masihning o‘limini xotirlang» nomli videoni tomosha qiling. BIZ HAQIMIZDA > QUTLUG’ KECHLIK sarlavhasi ostiga qarang.