Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Olg‘a intilishga kuchingiz qolmaganda

Olg‘a intilishga kuchingiz qolmaganda

Salbiy tuyg‘ular hech o‘tib ketmayotgan edi. Shuning uchun hayotimga chek qo‘ysam yaxshiroq bo‘ladi degan xulosaga kelgandim. Adreana, Braziliya.

O‘ZINGIZNI nihoyatda yomon his qilgandan yashashni istamagan paytlaringiz bo‘lganmi? Agar bunday tuyg‘ularni boshdan kechirgan bo‘lsangiz, Adreanani tushuna olasiz. U doimiy xavotirda bo‘lish, g‘am-g‘ussa va umidsizlikdan azob chekkan. Adreanaga depressiya deb tashxis qo‘yishgan.

Yaponiyalik Kaorining misolini ham ko‘rib chiqaylik. U qariya va xasta ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilardi. Kaori shunday dedi: «Ba’zan ishxonadagi kuchli bosim tufayli holdan toyib qolardim. Ishtaham yo‘qolib, tuzukroq uxlay olmasdim. Bularning baridan qutulishning yagona yo‘li o‘lim degan fikrga kelgandim».

Nigeriyalik Ajebode ismli kishi esa quyidagilarni bo‘lishdi: «Shunchalik g‘amga botgan edimki, ko‘z yoshlarimni tiya olmasdim. Jonimga qasd qilish yo‘llarini izlay boshlagandim». Yaxshiyamki Ajebode, Kaori va Adreana joniga qasd qilishmadi. Ammo har yili yuz minglab odamlar bunga qo‘l uryapti.

YORDAMNI QAERDAN IZLASH KERAK?

Joniga qasd qilganlarning aksariyatini erkaklar tashkil etadi, chunki ularning ko‘pi yordam so‘rashdan uyalgan. Iso payg‘ambar: «Bemorlar shifokorga muhtoj»,— deb aytgan. (Luqo 5:31) Agar siz ham tushkunlikka tushib, hayotingizga chek qo‘yish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, iltimos, yordam so‘rashdan uyalmang. Depressiyaga chalingan ko‘pchilik insonlar tibbiy muolajalar tufayli ahvoli ancha yengillashganini va kasallik bilan kurashish osonroq kechayotganini his qilishgan. Ajebode, Kaori va Adreana ham tibbiy yordam olishdi va hozir o‘zlarini ancha yaxshi his qilishyapti.

Depressiyani davolashda shifokorlar dori-darmon yoki psixoterapiyani, yo bo‘lmasa ularning ikkisini ham qo‘llashlari mumkin. Bu kasallikdan azob chekayotgan kishilar oila a’zolari va do‘stlari ularni tushunishi, sabrli bo‘lishi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi va qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘lishadi. Eng yaxshi do‘st esa Xudovand Yahovadir. U Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali beqiyos yordam taqdim etmoqda.

UZIL-KESIL YECHIM BORMI?

Depressiyadan aziyat chekayotgan kishilar uzoq vaqt mobaynida davolanishiga va hayot tarzini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Agar siz ham depressiya bilan kurashayotgan bo‘lsangiz, Ajebode kabi porloq kelajakka umid qilishingiz mumkin. U shunday deydi: «Men Ishayo 33:24 da aytilganiday yer yuzida hech kim: “Men kasalman”,— demaydigan vaqt kelishini intiqib kutyapman». Xudo kelajakda «og‘riq boshqa bo‘lmasligi» haqida va’da bermoqda. Ajebode singari siz ham ushbu va’dadan tasalli topishingiz mumkin. (Vahiy 21:1, 4) Bu va’da barcha ruhiy va hissiy azoblar tamomila bartaraf qilinishini anglatadi. Siz azobli tuyg‘ulardan butunlay xalos bo‘lasiz. Og‘riqli tuyg‘ularingiz «esga olinmaydi, hatto ko‘ngilga ham kelmaydi». (Ishayo 65:17)