Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

ILOVA

Jon bilan ruh nima o‘zi?

Jon bilan ruh nima o‘zi?

JON va ruh haqida qanday fikrga egasiz? Ko‘plarning e’tiqodiga ko‘ra, kishi hayotida u bilan birga, vafotidan keyin esa tanadan chiqib abadiy qoladigan ko‘zga ko‘rinmas narsa bor. U ham bo‘lsa jon yoki ruhdir. Bu e’tiqod juda keng tarqalgan. Biroq, Muqaddas Kitobda umuman boshqa fikr berilgan. Xo‘sh, Xudoning Kalomiga binoan jon va ruh nima o‘zi?

JON NIMA O‘ZI?

Avvalambor «jon» tushunchasini ko‘rib chiqaylik. Muqaddas Kitob ilk bor ibroniy va yunon tillarida yozilgani sabab, «jon» so‘ziga nisbatan ibroniycha nе́fesh va yunoncha psyuxе́ so‘zlari qo‘llanilgan edi. «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»da bu ikkala so‘z taxminan 800 marta uchrab, izchillik bilan «jon» deb tarjima qilingan. Muqaddas Kitobdagi «jon» so‘zini tadqiq qilsangiz, uning qo‘llanilishi 1) odam, 2) hayvon yoki 3) odam va hayvon hayotini nazarda tutishini ko‘rasiz. Keling «jon» so‘zi qo‘llanilgan ba’zi oyatlarni ko‘rib chiqaylik.

Odam. «Qadim zamonda... kemadan oz kishi, ya’ni sakkiz jongina suvdan o‘tib qutulgan edilar» (1 Butrus 3:20). Bu oyatda Nuh payg‘ambar, uning rafiqasi, uchta o‘g‘li va kelinlari to‘fon suvidan qutulgani to‘g‘risida gap ketyapti. Boshqa oyatda isroilliklarga qarata shunday amr berilgan edi: «Xonadondagi har bir jon uchun bir omirdan [manna] yig‘ishtirib olsin» (Chiqish 16:16). Demak, chodirda necha kishi yashashiga qarab, har biriga yetarlicha manna, ya’ni Xudo mo‘jizaviy ravishda yetkazib bergan yegulikni yig‘ib olishlari kerak edi. Muqaddas Kitobning yana ko‘p boshqa oyatlari «jon» so‘zi ostida odamni nazarda tutadi. Masalan: Ibtido 46:18- va Havoriylar 27:37- oyatlariga qarang.

Hayvon. Muqaddas Kitob yaratilish davrini qalamga olib, shunday demoqda: «Yana Xudo: “Suv to‘da-to‘da jonivorlar bilan qaynasin, yer ustidagi osmon gumbazi bo‘ylab qushlar uchsin”,⁠— dedi. Yana Xudo: “Yer turli-tuman tirik jonni: chorva, sudraluvchi hamda yovvoyi hayvon turlarini hosil qilsin”,⁠— dedi va shunday ham bo‘ldi» (Ibtido 1:20, 24). Bu oyatlardan ko‘rinyaptiki, baliqlar, chorva va yovvoyi hayvonlarning barchasi — «jondir». Quyidagi oyatlardan hatto parranda va umuman hamma hayvonlar ham jon ekani ko‘rinyapti. Masalan: Ibtido 9:10- va Sahroda 31:28- oyatlariga qarang.

Odam hayoti. Ba’zida «jon» so‘zi ostida odamning hayoti nazarda tutiladi. Masalan Yahova Taolo Muso payg‘ambarga shunday degan edi: «Joningni olmoqchi bo‘lganlarning hammasi olamdan o‘tib ketdi» (Chiqish 4:19). Xo‘sh, Muso payg‘ambarning dushmanlari nimani olmoqchi edi? Uning jonini, ya’ni hayotini. Bundan oldin bo‘lgan voqeani olaylik. «Rohila o‘layotib, joni chiqay deganda, tug‘ilgan o‘g‘lini Ben-O‘ni deb chaqirdi» (Ibtido 35:16–19). To‘lg‘oq paytida Rohila hayotdan ko‘z yumdi. Endi esa Iso Masihning so‘zlariga e’tibor bering. «Men yaxshi Cho‘ponman. Yaxshi Cho‘pon qo‘ylari uchun jonini bag‘ishlaydi» (Yuhanno 10:11). Iso Masih o‘z jonini, ya’ni hayotini insonlar uchun fido qilgan. Bu oyatlarning barchasida «jon» so‘zi ostida odamning hayoti nazarda tutiladi. Yana ko‘p boshqa oyatlar ham buni tasdiqlaydi. Masalan: 3 Shohlar 17:17–23-; Matto 10:39-; Yuhanno 15:13- va Havoriylar 20:10- oyatlariga qarang.

Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan sari, hech bir oyatda «jon» so‘zi o‘lmas yoki abadiy so‘zlar bilan birga qo‘llanmaganini ko‘rasiz. Aksincha, Muqaddas Kitobda — jon o‘limga mahkumdir, deb aytiladi (Hizqiyo 18:4, 20).

RUH NIMA O‘ZI?

Endi esa «ruh» tushunchasini ko‘rib chiqaylik. Ba’zilarning fikricha, «ruh» bilan «jon» bir xil ma’noga ega. Lekin aslida bunday emas, chunki Muqaddas Kitobda «ruh» va «jon» so‘zlari umuman boshqa-boshqa narsalarni bildiradi. Bo‘lmasa ularning farqi nimada, demoqchimisiz?

Muqaddas Kitobda «ruh» so‘ziga nisbatan ibroniycha rу́ax va yunoncha pnе́vma so‘zlari qo‘llanilgan. Bu so‘zlarning ma’nosini Muqaddas Kitobning o‘zidan bilib olishimiz mumkin. Masalan Zabur 103:29- oyatida, Yahova Taologa qarata shunday deyilgan: «Yuzingni yashirganingda, ular dahshatga tushar, ruhlarini olsang, ular o‘lib ketar, yana tuproqqa qaytarlar». Injilda esa: «Ruhsiz badan o‘lik»,⁠— deb aytiladi (Yoqub 2:26). Bu oyatlarda «ruh» so‘zi hayotni saqlab turuvchi kuch sifatida ifodalanadi. Darhaqiqat, badan ruhsiz yashay olmaydi. Aynan shu sababdan ba’zi oyatlarda nafaqat «ruh», balki «hayot ruhi» iborasi ham qo‘llaniladi. Masalan, Nuh payg‘ambar davrida Xudovand shunday degan edi: «Men yer yuzini to‘fon bilan bostirib, falak ostida hayot ruhiga ega bo‘lgan hamma maxluqlarni mahv etaman» (Ibtido 6:17; 7:15, 22). Xullas, «ruh» — ko‘zga ko‘rinmas hayot uchqunidir.

«Jon» va «ruh» bir ma’noga ega emas. Misol tariqasida quyidagini keltirish mumkin: radio ishlashi uchun elektr quvvati kerak. Agar uni elektr tarmog‘idan uzsangiz u ishlamay qoladi. Shuningdek, batareya bilan ishlaydigan radiolar ham bor. Lekin batareyasi o‘tirib qolsa, u «o‘lgan» hisoblanadi. Xuddi shunga o‘xshab, odam tirik bo‘lishi uchun uning «ruhi» bo‘lishi kerak. Elektr quvvatining his-tuyg‘ulari yoki fikrlash qobiliyati yo‘q bo‘lgani kabi, ruh ham shaxssiz bir kuchdir. Ha, Zaburda aytilganday, ruh yoki hayotiy ruh bo‘lmasa odam «yana tuproqqa qaytar».

Odam o‘lsa u bilan nima sodir bo‘lishini tasvirlab, Muqaddas Kitob shunday deydi: «Sening o‘tkinchi tanang yerning tuprog‘iga qaytar, Xudo bergan ruhing ham Uning O‘ziga qaytar» (Voiz 12:7). Odamning hayot ruhi badanni tark etsa, u hayotini to‘xtatib, chiqqan joyga, ya’ni tuproqqa qaytadi. Ruh esa uni berganga, ya’ni Xudoga qaytadi (Ayub 34:14, 15; Zabur 35:10). Buning mohiyati, hayot ruhi tom ma’noda osmonga borishida emas, balki hayotga qaytish umidi butunlayin Tangri Yahovaga bog‘liq ekanidadir. Boshqacha aytganda, uning hayoti Parvardigorning qo‘lidadir. Ha, faqatgina Qodir Allohning qudrati ila hayot ruhi odamga qaytadan ato etiladi, va shu yo‘sin odam tiriladi.

Xudoyi Taoloning, «qabrda yotgan marhumlarning hammasini» tiriltirish istagi borligi uchun qanchalik xursand bo‘lishimiz mumkin-a! (Yuhanno 5:28, 29). Yahova o‘liklarga yangi tana berib, hayot ruhini ato etishi qanchalik ajoyibdir. Tirilish vaqti — shodiyona vaqti bo‘lur!

«Jon» bilan «ruh» iboralari to‘g‘risida ko‘proq ma’lumotni, Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «O‘limdan so‘ng nima sodir bo‘ladi?» deb nomlangan risoladan va «Muqaddas Kitob asosida muzokara» deb nomlangan kitobning 375–384- sahifalaridan bilib olishingiz mumkin.