Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

BESHINCHI BOB

To‘lov — Xudoning qimmatbaho hadyasi

To‘lov — Xudoning qimmatbaho hadyasi
  • To‘lov o‘zi nima?

  • U qanday havola qilingan?

  • To‘lov bilan qanday qut-barakalar bog‘liq?

  • To‘lovni qadrlashingizni qanday ko‘rsata olasiz?

1, 2. a) Qanday hadyani qimmatbaho deb bilar edingiz? b) Nimaga to‘lovni, eng qimmatbaho hadya deb bilish mumkin?

QANDAY hadyani qimmatbaho deb bilar edingiz? Uning narxi baland bo‘lishi shart emas, axir hadyaning qadri doim ham pul bilan o‘lchanmaydi-ku. Aslida eng qimmatbaho hadya, sizga aynan kerakli va sizni baxtiyor qila oladigan hadyadir.

2 Hadyalar ichra eng qimmatli bir hadya bor. Uning qadrini hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Bu, Xudoning insoniyatga bergan hadyasidir. Aslida, Xudoyimiz Yahova bizga ko‘p hadyalar bergan, ammo ulardan eng qimmatlisi — Iso Masihni biz uchun to‘lov sifatida bergani (Matto 20:28). Ushbu bobdan to‘lov — eng qimmatbaho hadya ekanini bilib olamiz, chunki aynan u kerakli va baxtiyor qila oladigan narsa. To‘lov, Egamiz Yahovaning sizga nisbatan sevgisining dalilidir.

TO‘LOV O‘ZI NIMA?

3. To‘lov o‘zi nima va to‘lov haqidagi ta’limotni anglab olish uchun, nimani ko‘rib chiqish lozim?

3 Qisqacha aytilganda, to‘lov — bu, Yahova Taolo insoniyatni gunoh va o‘limdan xalos qilish uchun qo‘llaydigan vositadir (Efesliklarga 1:7). Muqaddas Kitobning to‘lov haqidagi ta’limotini anglab olish uchun, jannatda nima yuz berganini ko‘rib chiqish lozim. Odam Ato gunoh qilib nimani qo‘ldan boy berganini bilib olsak, to‘lov naqadar qimmatbaho ekanini tushuna olamiz.

4. Mukammal inson bo‘lmish Odam Atoni qanday kelajak kutayotgan edi?

4 Xudovandimiz Yahova Odam Atoni mukammal qilib yaratdi. Bu nimani anglatishini bir o‘ylab ko‘ring-da! Mukammal tana va ong sohibi bo‘lmish Odam Atoni kasallik, qarilik va o‘limdan holi kelajak kutayotgan edi. Mukammal inson sifatida Odam Ato Xudo bilan o‘zgacha munosabatda edi. Ularning munosabatlari xuddi mehribon ota bilan uning o‘g‘li o‘rtasida bo‘lgan munosabatlarga o‘xshab ketar edi. Aynan shu sabab, Muqaddas Kitobning bir oyatida Odam Ato «Xudo o‘g‘li», deb aytiladi (Luqo 3:38). Egamiz Yahova esa Odam Ato bilan muloqot qilib, unga qiziqarli vazifalar berar va undan nimalar kutayotganini tushuntirar edi (Ibtido 1:28–30; 2:16, 17).

5. Qaysi ma’noda Odam Ato Xudoning suratida yaratilgan?

5 Odam Ato Xudoning «suratida» yaratilgan edi (Ibtido 1:27). Albatta, bu ibora Odam Ato Qodir Alloh qiyofasida bo‘lganini anglatmaydi. Chunki 1- bobdan bilib olganimizday, Alloh Yahova ruhiy shaxs (Yuhanno 4:24). Shunday ekan, Xudoning et va qondan iborat tanasi yo‘q. Odam Ato Xudoning suratida yaratilgani demak, unda ilohiy fazilatlar, shu jumladan sevgi, hikmat, adolat va qudrat aks ettirilgan. Shuningdek, Odam Ato xuddi Parvardigor kabi iroda erkinligiga ega edi. Demak, u instinkt, ya’ni ongsiz ravishda tuyg‘u bilan harakatlanadigan hayvonlar kabi bo‘lmagan. Aksincha, u yaxshilik va yomonlikning farqiga borib, tanlash imkoniyatiga ega edi. Agar Odam Ato Xudoga itoatkor bo‘lganida, jannatmakon yerda abadiy hayotni davom etar edi.

6. Xudoga itoatsizlik qilib Odam Ato nimadan mahrum bo‘ldi, va bu bizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

6 Odam Atoning itoatsizligi achinarli oqibatga olib keldi. Gunohi oqibatida u, mukammal hayoti bilan birga barcha qut-barakalardan mahrum bo‘lib, o‘limga mahkum qilindi (Ibtido 3:17–19). Afsuski, Odam Ato nafaqat o‘zining, balki kelajak avlodining qimmatbaho hayotiga zomin bo‘ldi. Muqaddas Kitobda: «Bitta odam [Odam Ato] dastidan dunyoda gunoh paydo bo‘ldi, gunohdan esa o‘lim paydo bo‘ldi va butun insonlarga o‘tdi. Ma’lumki, hamma gunoh qilgan»,⁠— deb aytiladi (Rimliklarga 5:12). Ha, Odam Atodan gunoh barchamizga o‘tdi. Shu sababdan Muqaddas Kitobda, u o‘zini va avlodlarini gunoh va o‘limga qul qilib «sotgan», deb aytiladi (Rimliklarga 7:14). Odam Ato bilan Momo Havo kelajakdan mahrum bo‘ldi, chunki bila turib itoatsizlikka qo‘l urishdi. Ammo ularning avlodlari bo‘lmish biz haqimizda nima deyish mumkin?

7, 8. To‘lov so‘zining ma’nosini aniqlashda qanday ikkita narsa ahamiyatga ega?

7 Yahova Taolo insonlarni qutqarish uchun, sevgi ila to‘lov havola qildi. Ammo to‘lov o‘zi nima? Bu so‘zning ma’nosini aniqlashda ikkita asosiy narsa ahamiyatga ega. Birinchidan, to‘lov — bu, biror kimni, masalan asirni ozod etish uchun to‘lanadigan haq. Shuningdek, garovga qo‘yilgan buyumni qaytarish uchun beriladigan pul. Ikkinchidan, to‘lov — bu, biror narsaning bahosini qoplaydigan mablag‘. Misol uchun, biror halokatda aybdor hisoblangan kimsa, yetkazgan ziyonni qoplaydigan haqni to‘lashi kerak.

8 Shunday ekan, Odam Ato yetkazgan ziyonni qoplab, insoniyatni gunoh va o‘lim qulligidan qanday ozod etish mumkin edi? Keling, Tangrimiz Yahova havola qilgan to‘lovni va bu bilan bog‘liq qut-barakalarni ko‘rib chiqaylik.

YAHOVA TO‘LOVNI HAVOLA QILMOQDA

9. To‘lov qanday talabga javob berishi kerak?

9 Mukammal hayot qo‘ldan boy berilgani sabab, hech bir nomukammal inson uni qaytarib olish uchun to‘lov bera olmas edi (Zabur 48:8, 9). To‘lov teng qiymatli bo‘lishi shart. Muqaddas Kitobga binoan, adolatli to‘lov jon evaziga jon talab etardi (Amrlar 19:21). Xo‘sh, Odam Ato yo‘qotgan mukammal hayot yoki jon evaziga nima havola qilish mumkin ekan? Boshqa bir mukammal hayot talab qilinar edi (1 Timo‘tiyga 2:6).

10. Tangrimiz Yahova to‘lovni qanday havola qildi?

10 Tangrimiz Yahova to‘lovni qanday havola qildi? U yer yuziga farishtalaridan biri bo‘lgan, va shu yo‘sin «o‘g‘il» deb atalgan aziz bir zotni yubordi (1 Yuhanno 4:9, 10). Bu zot hozirlik bilan samoviy makonni tark etib, yer yuziga tushdi (Filippiliklarga 2:7). O‘tgan bobdan bilib olganimizday, Yahova Qodir Alloh sifatida bu zotning hayotini, qudrati ila Maryamning bachadoniga ko‘chirdi. Vaqti kelib Maryam Iso ismli, gunohdan holi, ya’ni mukammal farzand ko‘rdi (Luqo 1:35).

Yahova Taolo O‘z o‘g‘lini to‘lov sifatida berdi

11. Qanday qilib bir inson millionlab insonlarni qutqarishi mumkin?

11 Biroq, qanday qilib bir kishi millionlab insonlarni qutqarishi mumkin? Xo‘sh, odamlar qanday qilib gunohkor bo‘lib qolgani yodingizdami? Axir Odam Ato gunoh qilib, mukammal hayotni qo‘ldan boy bergan edi. Shunday ekan, u avlodlariga gunoh va o‘limdan bo‘lak hech narsani meros qila olmas edi. Ammo, Muqaddas Kitobda «oxirgi Odam» deb atalgan Iso Masih gunohdan holi, mukammal inson edi (1 Korinfliklarga 15:45). Shuni aytish joizki, Iso alayhissalom bizni gunohdan qutqarish uchun, Odam Atoning o‘rnini egalladi. Xudoga itoatkor qolib, Iso Masih biz uchun o‘z mukammal hayotini fido qildi, va shu yo‘sin Odam Ato gunohining haqini batamom to‘ladi. Shunday qilib Iso Odam Atoning avlodlariga umid ato etdi (Rimliklarga 5:19; 1 Korinfliklarga 15:21, 22).

12. Azob-uqubatni boshdan kechirib, Iso Masih nimani isbotladi?

12 Muqaddas Kitobda, Iso Masihning chekkan azob-uqubatlari batafsil ifodalangan. Shu jumladan: shafqatsiz qamchilanishi, ustunga mixlanishi va nihoyat qiynalib jon berishi (Yuhanno 19:1, 16–18, 30; 204–206- sahifalardagi Ilovaga qarang). Nima sababdan Iso Masih buni boshdan kechirishi kerak edi? Keyingi boblardan bilib olamizki, Shayton Yahova Taolo xizmatchilarining sadoqatini shubha ostiga soldi. Lekin azob-uqubatlarga qaramay Iso Masih Xudoga sodiq qolib, Shaytonning da’volariga o‘rinli javob berdi. Iso Masih shuni isbotladiki, Iblisning hiylalariga qaramay mukammal inson o‘z ixtiyori ila Xudoga sodiq qolishi mumkin. Xudoga aziz bo‘lgan zotning sadoqati, Yahova Taoloning qalbini naqadar quvontirgandir-a?! (Hikmatlar 27:11).

13. To‘lov qanday berilgan edi?

13 To‘lov qanday berilgan edi? Milodiy 33- yili, yahudiylarning Nison oyining 14- kunida Egamiz Yahova ushbu mukammal zotning qatl qilinishiga yo‘l qo‘ydi. Shu yo‘sin Iso o‘z mukammal hayotini «bir marta» qurbonlikka bag‘ishladi (Ibroniylarga 10:10). Uchinchi kuni esa Yahova Taolo Iso Masihni ruhiy shaxs qilib tiriltirdi. Osmonga qaytgach Iso, Odam Atoning avlodlarini qutqarish uchun bergan mukammal hayotini, qimmatbaho to‘lov sifatida Yahovaga taqdim etdi (Ibroniylarga 9:24). Xudovand ushbu to‘lovni qabul qilib, uning asosida insonlarni gunoh va o‘limdan qutqarilishga loyiq ko‘rdi (Rimliklarga 3:23, 24).

TO‘LOV BILAN BOG‘LIQ QUT-BARAKALAR

14, 15. «Gunohlarimiz yuvilishi» uchun nima qilishimiz lozim?

14 Gunohkor banda bo‘lishimizga qaramay, Xudoning hadyasi bo‘lmish to‘lov tufayli ajoyib qut-barakalarga ega bo‘lishimiz mumkin. Keling, bu qut-barakalarning ayrimlarini ko‘rib chiqaylik.

15 Gunohlarning kechirilishi. Nomukammal bo‘lganimiz sababli, har bir savob ish bizdan qat’iy harakat talab qiladi. Barchamiz tilda ham, ishda ham xato qilamiz. Ammo Iso bizning o‘rnimizga qurbon bo‘lib, «gunohlarimizni yuvdi» (Kolosaliklarga 1:13, 14). Bundan foyda ko‘rishimiz uchun, ushbu qurbonlik asosida tavba qilib, kamtarinlik ila Parvardigori Olam Yahovadan kechirim so‘rashimiz lozim (1 Yuhanno 1:8, 9).

16. Nima tufayli Xudoga pok vijdon bilan xizmat qila olamiz, va pok vijdon nima ato etishga qodir?

16 Xudo oldida pok vijdon. Agar vijdonimiz nopok bo‘lsa, umidsizlikka uchrab, o‘zimizni hech narsaga yaroqsiz his etishimiz mumkin. Biroq Yahova gunohlarimizni afv etish uchun to‘lov havola qilgan edi. Shu tufayli, nomukammalligimizga qaramay, pok vijdon bilan Xudoga xizmat qila olamiz (Ibroniylarga 9:13, 14). Endi Tangri Taolo Yahovaga bemalol ibodatda murojaat qilish imkoniyatiga egamiz (Ibroniylarga 4:14–16). Shuningdek pok vijdon xotirjamlik, o‘z hurmatini bilish va baxt-saodat ato etishga qodir.

17. Iso Masih o‘z jonini biz uchun fido qilib, qanday barakalarga yo‘l ochdi?

17 Jannatmakon yerda abadiy hayotga bo‘lgan umid. Injilda: «Gunohning evazi — o‘lim»,⁠— degan so‘zlarni o‘qiymiz. Bu oyatning davomida: «Xudoning in’omi esa Rabbimiz [«Hazratimiz», YADT] Iso Masih qiyofasidagi abadiy hayotdir»,⁠— deb aytilgan (Rimliklarga 6:23). Kitobimizning 3- bobida ko‘rib chiqqanimizday, jannatmakon yerda hayot juda ham go‘zal bo‘ladi (Vahiy 21:3, 4). Bu barcha barakalar, shu jumladan abadiy hayot va mukammal salomatlik, Iso Masih o‘z jonini biz uchun fido qilgani tufaylidir. Ammo bu to‘lovni qadrlasakkina, bu qut-barakalarga erishamiz.

TO‘LOVNI QADRLASHINGIZNI QANDAY KO‘RSATA OLASIZ?

18. Nima sababdan to‘lov uchun Egamiz Yahovaga minnatdor bo‘lishimiz darkor?

18 Nima sababdan to‘lov uchun Egamiz Yahovaga minnatdor bo‘lishimiz darkor? Xo‘sh, agar kimdir vaqti, kuchi va mablag‘ini ayamay siz uchun hadya tayyorlasa, unga minnatdor bo‘lmasmidingiz? Bunday hadya uning samimiy sevgisining izhori bo‘lmasmidi? To‘lov esa, eng qimmatbaho hadyadir. Nega deysizmi? Muqaddas Kitob javob bermoqda: «Xudo olamni shunchalik sevdiki, O‘zining yagona O‘g‘lini berdi» (Yuhanno 3:16). Ha, Yahova odamlarni sevishining yaqqol dalili — to‘lovdir. Shuningdek, hozirlik bilan o‘z jonini fido qilgan Iso Masihning ham sevgisining isbotidir (Yuhanno 15:13). To‘lov, Yahova Taolo hamda Iso Masih har birimizni sevishiga aminlik bermoqda (Galatiyaliklarga 2:20).

Yahova Taolo haqida ko‘proq bilishga harakat qilib, to‘lov hadyasini qadrlashingizni ko‘rsatasiz

19, 20. To‘lovni qadrlashingizni qanday ko‘rsata olishingiz mumkin?

19 Xudoning hadyasi bo‘lmish to‘lovni qadrlashingizni qanday ko‘rsata olasiz? Avvalo, bu hadyani taqdim etgan Yahova Taolo haqida ko‘proq bilishga harakat qiling (Yuhanno 17:3). Bunda sizga, qo‘lingizdagi kitob yordamida, Muqaddas Kitob tadqiqi ko‘maklashadi. Yahova haqida bilimingiz ko‘paygan sayin, Unga bo‘lgan sevgingiz ham ortib boradi. Sevgi esa o‘z navbatida, barcha narsada Xudoni mamnun etishga undaydi (1 Yuhanno 5:3).

20 Isoning gunohni yuvuvchi qurbonligiga e’tiqod qiling. Iso haqida: «Kimki Xudo O‘g‘liga ishonsa, abadiy hayotga erishadi»,⁠— deb aytilgan (Yuhanno 3:36). Xo‘sh, Masihga qanday e’tiqod qilish mumkin ekan? Imonni faqat so‘zda ifodalab bo‘lmaydi, chunki Muqaddas Kitobga binoan, «xayrli ishlarsiz imon ham o‘likdir» (Yoqub 2:26). Chindan ham, haqiqiy imon «ishlar» bilan ifodalanadi. Isoga e’tiqod qilishning yo‘llaridan biri — nafaqat so‘zda, balki amalda uning o‘rnagiga ergashishdir (Yuhanno 13:15).

21, 22. a) Nima sababdan Qutlug‘ Kechlik marosimiga qatnashishimiz lozim? b) Navbatdagi 6- va 7- boblardan nimani ko‘rib chiqamiz?

21 Qutlug‘ Kechlik marosimiga qatnashing. Milodiy 33- yili Nison oyining 14- kunida Iso Masih «Qutlug‘ Kechlik» deb atalgan o‘zgacha marosimni uyushtirib, uni nishonlashni buyurdi (1 Korinfliklarga 11:20; Matto 26:26–28). Ha, Iso Masihning barcha izdoshlari, uning o‘z mukammal hayotini to‘lov sifatida fido qilganini yodda tutishlari kerak edi. Bu to‘g‘risida Iso Masih: «Meni eslab turish uchun shunday qilinglar»,⁠— degan (Luqo 22:19). Agar bu, har yili o‘tkazilayotgan marosimga qatnashsak, Xudoyimiz Yahova hamda Iso Masihning sevgisini doimo yodimizda saqlab, bu sevgining qadriga yetamiz. *

22 Yahova Taolo havola etgan to‘lov, chindan ham qimmatbaho hadyadir (2 Korinfliklarga 9:14, 15). Bu hadya hatto o‘lganlarga ham foyda keltirishi mumkin. Navbatdagi 6- va 7- boblardan buning qanday imkoni borligini ko‘rib chiqamiz.

^ 21- x.b. Qutlug‘ Kechlik marosimi hamda uning ma’nosi haqida, 206–208- sahifalardagi Ilovadan ko‘proq bilib olishingiz mumkin.