Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12- QISM

Haqiqiy imoningizni ko‘rsatishdan tortinmang!

Haqiqiy imoningizni ko‘rsatishdan tortinmang!

ALLOH O‘zining xizmatchilarini, imonlari sinalishi to‘g‘risida ogohlantiryapti. Uning Kalomida shunday deyilgan: «Hushyor va sergak bo‘linglar, boisi dushmaningiz Iblis biror kimni yutib yuboray deb, sherday bo‘kirib yuribdi» (1 Butrus 5:8). Qanday qilib Shayton imoningizni barbod etishga urinishi mumkin?

Siz ham shunday qarshilikka duch kelganmisiz?

Shayton yaqin kishilaringizdan foydalanib, Muqaddas Kitobni o‘qimasligingiz uchun bosim o‘tkazishi mumkin. Bu borada Iso payg‘ambar: «Odamning uyidagilari unga dushman bo‘lishadi»,— deya bashorat qilgan (Matto 10:36). Ehtimol, qarindosh-u do‘stlaringiz Muqaddas Kitobda ajoyib haqiqatlar yozilganidan bexabardir. Yoki ular boshqalarning fikridan qo‘rqishayotgandir. Har holda, ularning niyati yomon emas. Biroq, Muqaddas Kitobda: «Odamdan qo‘rqish tuzoqqa ilintiradi, Egamizga umid bog‘lagan esa xavf-xatardan xoli bo‘ladi»,— deyilgan (Hikmatlar 29:25). Agar siz odamlarga yoqay, deb Muqaddas Kitobni o‘rganmay qo‘ysangiz, bu Xudoga yoqadimi? Mutlaqo! Ammo-lekin, haqiqiy imonni namoyon etganimizda, Alloh bizni yorlaqaydi. «Biz esa halok bo‘lish uchun orqaga chekinadiganlardan emasmiz, balki jonimizni saqlash niyatida, imonga ega bo‘lganlardanmiz» (Ibroniylarga 10:39).

Risolamizning boshida hikoya qilingan bir kishining misolini eslang. Avvaliga xotini uning imoniga mazax qilgandi. Keyinchalik esa, o‘zi ham eriga qo‘shilib, Muqaddas Kitobni o‘rgana boshlagan. Binobarin, agar siz to‘g‘ri yo‘l tutishda qunt bilan davom etsangiz, qarindosh-u do‘stlaringiz sizga qo‘shilib ketishi hech gap emas. Ko‘p hollarda, ilgari ishonmagan oila a’zolari, haqiqiy imonga ega bo‘lgan kishining «benuqson xatti-harakatini va chuqur hurmatini» ko‘rib, «zabt etilganlar» (1 Butrus 3:1, 2).

Bundan tashqari, Shayton shunday qiladiki, odamlar Muqaddas Kitobni o‘qishga vaqt yo‘q, deb o‘ylashadi. Boz ustiga, Shayton imoningiz «samarasiz» qolsin deb, kundalik qayg‘ular, shaxsiy muammolar va pul topish tashvishidan foydalanib, qalbingizdagi «kalomni bo‘g‘ib qo‘yishga» harakat qiladi (Mark 4:19). Lekin siz bunday tashvishlarga ko‘milib ketishingizga yo‘l qo‘ymang! Muqaddas Kitobda aytilishicha, «abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak» (Yuhanno 17:3). Ha, jannatda abadiy yashash uchun Alloh hamda Iso Masih to‘g‘risida bilim olishni to‘xtatmaslik zarur.

Ibodatda Allohdan madad so‘rang

Muso payg‘ambar haqida bir o‘ylang. U kishi Misrda fir’avn oilasiga mansub bo‘lgani uchun boylik, shuhrat va saltanatga intilishi mumkin edi. U esa «gunohdan vaqtinchalik huzur-halovat olishdan ko‘ra, Xudoning xalqi bilan azob-uqubat chekishni afzal ko‘rgan». Nega? «Chunki u ko‘rinmas Zotni ko‘rganday sabotli edi» (Ibroniylarga 11:24, 25, 27). Darhaqiqat, Muso payg‘ambarning imoni kuchli bo‘lgan. U o‘z manfaatlarini bir chetga surib, Allohga xizmat qilishni hayotida birinchi o‘ringa qo‘ygan va shu yo‘sin ko‘p baraka topgan. Agar siz ham shunday yo‘l tutsangiz, Alloh sizni ham muborak qiladi.

Shayton turli yo‘llar bilan sizni tuzoqqa ilintirishga urinadi. Lekin siz uni yenga olasiz. Zero Allohning Kalomida: «Iblisga qarshi turinglar, o‘shanda u sizlardan qochadi»,— degan undov bor (Yoqub 4:7). Xo‘sh, qanday qilib unga qarshi tura olasiz?

Muqaddas Kitobni o‘rganishda davom eting. Allohning Kalomini kunda o‘qing. Undagi ta’limotlarni tadqiq qiling. Maslahatlariga amal qiling. Shu yo‘sin, siz «Alloh bergan barcha qurol-aslahalar bilan qurollanasiz» va bu sizga Shaytonning hujumlariga qarshi turishga ko‘maklashadi (Efesliklarga 6:13).

Haqiqiy imoni borlar bilan aloqada bo‘ling. Muqaddas Kitobni o‘qib, o‘rganayotgan va unga muvofiq hayot kechirayotgan kishilarni izlang. Bunday insonlar: «Sevishga va ezgu ishlar qilishga undash uchun bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik... bir-birimizga yanada ko‘proq dalda beraylik»,— deyishadi. Ular sizga imonda o‘sishga yordamlashishadi (Ibroniylarga 10:24, 25).

Imonli kishilar bilan aloqada bo‘ling

Tangri Yahovaga yaqinlashing. Ibodatda Allohdan madad so‘rang va o‘zingizni Unga ishonib topshiring. Aslo unutmang: Xudo sizga yordam berishni xohlaydi. «Butun g‘am-tashvishlaringizni Unga [Allohga] tashlanglar, chunki U sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi» (1 Butrus 5:6, 7). «Xudo esa O‘z so‘ziga sodiqdir va U dosh bera olmaydigan darajada sinalishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, sinovlar paytida chiday olishingiz uchun ilojini ham beradi» (1 Korinfliklarga 10:13).

Shayton Allohni mazax qilib, inson muammolarga duch kelganda, Unga xizmat qilmay qo‘yadi, deb ta’kidlayapti. Siz esa, Shaytonning g‘irt yolg‘onchi ekanini isbotlab berish imkoniga egasiz! Parvardigor ham sizga: «Dono bo‘l, qalbimni quvontir, shunda birov meni tanqid qilsa ham, javob qaytara olaman»,— deyapti (Hikmatlar 27:11). Shunday ekan, haqiqiy imonga ega ekaningizni ko‘rsatishdan tortinmang!