Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6- QISM

Alloh yer yuzini nima uchun barpo etdi?

Alloh yer yuzini nima uchun barpo etdi?

ALLOH yer yuzini odamzod uchun zo‘r bir uy bo‘lsin, degan maqsadda yaratgan. Uning Kalomida shunday deyilgan: «Osmon — Xudovandning osmonidir, ammo yerni U inson o‘g‘illariga bergan» (Zabur 113:24).

Odamatoni yaratishdan avval, Parvardigor yerning Adan deb atalmish qismini tanlab, u yerda chiroyli bir bog‘ o‘stirdi. Tavrotda aytilishicha, Dajla va Frot daryolari Adan bog‘idan oqib chiqardi *. Aftidan, ushbu bog‘ hozirgi Turkiyaning sharqiy qismida joylashgandi. Ha, Adan bog‘i chindan ham yer yuzida bo‘lgan!

Parvardigor O‘zi yaratgan odamni «boqqa ishlov bersin, parvarish qilsin, deb uni Adan bog‘iga joylashtirdi» (Ibtido 2:15). Keyin Alloh Odamato uchun xotin — Momohavoni yaratdi. Shunda Alloh bu juftlikka: «Barakali bo‘lib, ko‘payinglar, yer yuzini to‘ldirib, itoat ettiringlar»,— deya amr etdi (Ibtido 1:28). Darhaqiqat, Egamiz «yerni bo‘sh qilib emas, yashashga loyiq qilib yaratgan» (Ishayo 45:18).

Ammo-lekin, Odamato bilan Momohavo Allohga qarshi chiqib, Uning qonunini ataylab buzishdi. Shuning uchun Tangri ularni Adan bog‘idan haydab yubordi. Natijada ular jannatdan ayrilib qolishdi. Odamatoning gunohi boshqa ayanchli oqibatlarga ham olib keldi. Injilda mana shunday yozilgan: «Bitta odam dastidan dunyoda gunoh paydo bo‘ldi, gunoh orqali esa o‘lim. Shu tariqa o‘lim barcha insonlarga o‘tdi, demak ularning barchasi gunoh qilgan» (Rimliklarga 5:12).

Xo‘sh, Alloh Taolo yer yuzini jannatga aylantirib, unga baxtiyor odamlarni joylashtirish niyatidan qaytdimi? Aslo! Allohning O‘zi shunday deyapti: «Mening og‘zimdan chiqqan so‘z... Menga bo‘m-bo‘sh qaytib kelmaydi. Mening xohish-irodamni o‘sha so‘z bajaradi, qaysi niyatda yuborsam, o‘shani bajo qiladi» (Ishayo 55:11). Albatta, yer yuzi qaytadan jannatga aylanadi!

Qiziq, jannatda hayot qanaqa bo‘larkan? Marhamat qilib, keyingi betlarda keltirilgan Muqaddas Kitob bashoratlariga nazar soling.

^ Ibtido 2:10–14- oyatlarida shunday yozilgan: «Adandan bir daryo oqib kelib, bog‘ni sug‘oradi va o‘sha yerda to‘rtta irmoqqa bo‘linadi. Birinchi irmoqning nomi Pishon. [...] Ikkinchi irmoqning nomi Gixo‘n. [...] Uchinchi irmoqning nomi Dajla bo‘lib, Ossuriya shahrining sharqidan oqib o‘tadi. To‘rtinchi irmoqning nomi Furotdir». Birinchi ikkita irmoq qayerda joylashgani noma’lum.