Shohlar birinchi kitob 13:1-23

  • Shoul askar tanlaydi (1-4)

  • Shoul o‘zbilarmonlik qiladi (5-9)

  • Shomuil Shoulga tanbeh beradi (10-14)

  • Isroilda qurol-yarog‘ yo‘q (15-23)

13  Taxtga o‘tirganida+ Shoul...* yoshda edi va ikki yildan buyon Isroil ustidan shohlik qilayotgan edi.  Shoul Isroil xalqi orasidan 3 000 kishini tanlab oldi. Ulardan 2 000 nafari Mixmashda va Baytilning tog‘li hududida Shoul bilan, 1 000 nafari esa Benyamin qabilasiga tegishli Givoda+ Yo‘natan+ bilan qoldi. Qolgan xalqga esa u o‘z uylariga ketishga ijozat berdi.  Bundan keyin Yo‘natan G‘iboda+ joylashgan filistimliklarning+ harbiy kuchlarini tor-mor qildi va bu haqda filistimliklar xabar topishdi. Shoul bo‘lsa: «Ibroniylar eshitsin!» — deya butun yurt bo‘ylab burg‘u chalishni+ buyurdi.  Butun Isroilda: «Shoul filistimliklarning harbiy kuchlarini tor-mor qilibdi. Endi filistimliklar Isroil xalqini yomon ko‘rib qoldi»,— degan xabar tarqaldi. Shu bois, xalq Shoulning ortidan ergashish uchun Gilgalda+ to‘plandi.  Filistimliklar ham Isroilga qarshi jang qilish uchun yig‘ildi. Ularning 30 000 ta jang aravasi va 6 000 nafar suvorisi bor edi. Jangchilari esa dengiz sohilidagi qumday ko‘p edi+. Ular Bayt-Obunning+ sharq tarafidagi Mixmashga borib, qarorgoh qurdi.  Isroilliklar qattiq bosim ostida qolib, ayanchli ahvolga tushgani uchun g‘orlar+, chuqurlar, qoyalar, yerto‘lalar va sardobalarga yashirinishdi.  Ayrim ibroniylar Iordanning narigi tarafidagi Gad va Gilad+ yerlariga qochib ketishdi. Ammo Shoul Gilgalda qoldi, uning ortidan ergashgan xalq esa qo‘rquvdan titrardi.  U Shomuil belgilagan vaqtga qadar yetti kun kutdi. Shomuil hadeganda Gilgalga kelavermadi. Xalq bo‘lsa tarqalib keta boshladi.  Oxiri Shoul: «Menga kuydiriladigan qurbonlik bilan tinchlik qurbonliklarini olib kelinglar»,— dedi va kuydiriladigan qurbonlikni bag‘ishladi+. 10  Shoul kuydiriladigan qurbonlikni keltirib bo‘lishi bilanoq, Shomuil kelib qoldi. Shoul uni kutib olish uchun peshvoz chiqdi. 11  Shomuil undan: «Nega bunday qilding?» — deb so‘radi. Shoul bunga javoban dedi: «Xalq meni tashlab keta boshladi+. Siz ham belgilangan vaqtda kelmadingiz. Buning ustiga, filistimliklar Mixmashga to‘planib kelishdi+. 12  Shunda men: “Hozir filistimliklar menga qarshi Gilgalga tushib keladi, men esa hali ham Yahovaning marhamatiga* ega bo‘lmadim”,— deb o‘ylab, kuydiriladigan qurbonlik keltirishga majbur bo‘ldim». 13  Shomuil Shoulga bunday dedi: «Sen nodonlarcha yo‘l tutding. Tangring Yahova senga bergan amrga bo‘ysunmading+. Agar bo‘ysunganingda, Yahova shohligingni Isroil ustidan asrlar osha barqaror qilib qo‘yardi. 14  Endi bo‘lsa shohligingdan ayrilasan+. Yahova ko‘ngliga yoqadigan odamni+ topadi. Yahova uni O‘z xalqi ustidan boshqaruvchi etib tayinlaydi+. Chunki sen Yahova bergan amrga bo‘ysunmading»+. 15  Shomuil o‘rnidan turdi-da, Gilgaldan Benyamin qabilasiga tegishli Givoga qarab ketdi. Shoul bo‘lsa o‘zi bilan qolgan odamlarni sanab chiqdi va ular qariyb 600 kishini tashkil etdi+. 16  Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natan va ularning yonidagi odamlar Benyamin qabilasiga tegishli G‘iboda+ edi. Filistimliklar esa Mixmash+ yonida qarorgoh qurishgan edi. 17  Hujum uyushtirish uchun filistimliklar qarorgohidan uchta bo‘linma chiqdi. Bo‘linmalardan biri O‘fraga, Shuvol yeri tomonga yo‘l oldi. 18  Ikkinchi bo‘linma Bayt-Xo‘ronga+ eltadigan yo‘l bilan ketdi. Uchinchi bo‘linma esa sahro tomondagi, Zavo‘m vodiysi yonidagi chegaraga olib boradigan yo‘l bilan bordi. 19  Butun Isroil yurtida temirchi yo‘q edi. Chunki filistimliklar: «Ibroniylar o‘zlariga qilich yoki nayza yasab olishmasin»,— deyishgan edi. 20  Omochning tishlarini, cho‘kichlar, boltalar yoki o‘roqlarni o‘tkirlash kerak bo‘lganda, isroilliklar filistimliklar oldiga borishardi. 21  Omochning tishlarini, cho‘kichlar, uch ayrili panshaxalar yoki boltalarni o‘tkirlash va temir uchli govronni tuzatish narxi bir pimga* teng edi. 22  Shu sababli, jang kuni Shoul bilan Yo‘natanning yonidagi odamlar qo‘lida na qilichi, na nayzasi bor edi+. Faqat Shoul bilan Yo‘natan qurollangan edi. 23  Bu orada, filistimliklarning harbiy kuchlari* Mixmash dovoniga chiqib kelayotgan edi+.

Izohlar

Ibroniycha matnda raqamlar tushirib qoldirilgan.
Yoki «yuzini yumshatishga».
Qadimiy og‘irlik o‘lchovi, taxm. 8 g kumushga teng.
Yoki «soqchilar bo‘linmasi».