Shohlar birinchi kitob 20:1-42

  • Yo‘natanning Dovudga sadoqati (1-42)

20  Dovud Ramadagi Noyo‘tdan qochib ketib, Yo‘natanning oldiga keldi va unga: «Men nima qildim?+ Aybim nima? Otangizga qarshi qanday gunoh qilibmanki, u kishi mening jonimni* olmoqchilar?» — dedi.  Yo‘natan unga: «Bunday bo‘lmaydi!+ Sen o‘lmaysan. Xoh katta, xoh kichik ish bo‘lsin, otam menga bildirmay biron ish qilmaydilar. Nega endi otam buni mendan yashirishlari kerak ekan? Bo‘lishi mumkin emas!» — deb aytdi.  Ammo Dovud: «Siz meni yaxshi ko‘rishingizni otangiz biladilar+. Shu bois otangiz: “Yo‘natan bu haqda bilmay qo‘ya qolsin, bo‘lmasa xafa bo‘ladi”,— deb o‘ylagandirlar. Barhayot Xudo Yahova va siz haqqi qasam ichib aytamanki, hayotim qil ustida turibdi!»+ — deb qasam ichdi.  Yo‘natan Dovudga: «Mendan nimani so‘rasang, hammasini qilaman»,— dedi.  Dovud esa unga shunday dedi: «Ertaga yangi oy chiqadi+, men shoh bilan bir dasturxondan taom yeyishim kerak. Lekin ruxsat bersangiz, men shahar tashqarisiga chiqib, indin kechgacha yashirinib o‘tiraman.  Agar otangiz yo‘qligimni payqab qolsalar, siz u kishiga: “Oilasi bilan birga har yilgi qurbonlikni keltirish uchun, Dovud Baytlahmga+ tezda borib kelay, deb mendan iltimos qilgan edi”+,— deb ayting.  Agar u kishi: “Unday bo‘lsa yaxshi”,— deb javob qaytarsalar, bilingki, xizmatkoringiz xavf ostida emas. Ammo otangizning jahllari chiqsa, u kishi menga zarar yetkazishga qat’iy qaror qilganlariga amin bo‘lasiz.  Xizmatkoringizga mehr-sadoqat ko‘rsating+, chunki siz Yahovaning oldida xizmatkoringiz bilan ahdlashgansiz+. Bordi-yu, men aybdor bo‘lsam+, o‘zingiz meni o‘ldiring. Meni otangizning oldiga olib borib nima qilasiz?!»  Yo‘natan unga: «Men senga hech qachon bunday qilmayman! Agar otam senga zarar yetkazmoqchi ekanlarini bilsam, senga aytmasmidim?»+ — dedi. 10  Dovud Yo‘natandan: «Otangiz sizga qo‘pol javob qaytarsalar, bu haqda kim meni xabardor qiladi?» — deb so‘radi. 11  Yo‘natan unga: «Yur, shahar tashqarisiga chiqaylik»,— dedi. Keyin ikkovi shahar tashqarisiga chiqdi. 12  Yo‘natan Dovudga shunday dedi: «Isroilning Tangrisi Yahova guvoh, ertaga yoki indinga taxminan shu paytda otam bilan gaplashaman. Agar u kishining senga* yomonlik qilish niyatlari bo‘lmasa, senga bu haqda xabar beraman. 13  Bordi-yu, otam senga zarar yetkazmoqchi bo‘lsalar va men buni senga oshkor etmay, eson-omon ketishingga yo‘l qo‘ymasam, Yahova meni* ne ko‘yga solsa solsin, undan battarrog‘ini ham qilsin. Yahova ilgari otam bilan bo‘lganday+, sen bilan ham bo‘lsin+. 14  Sen ham menga tirikligimda va hatto o‘lganimdan keyin ham Yahova kabi mehr-sadoqat ko‘rsatasanmi?+ 15  Yahova sening* barcha dushmanlaringni yer yuzidan yo‘q qilib tashlasa ham, mening xonadonimga doimo mehr-sadoqat ko‘rsat»+. 16  Shunday qilib, Yo‘natan: «Yahova Dovudning hamma dushmanlarini jazoga tortadi»,— deya Dovudning xonadoni bilan ahdlashdi. 17  Yo‘natan Dovudni yaxshi ko‘rishini aytib, unga yana bir bor qasam ichdi. Chunki u Dovudni o‘z joniday yaxshi ko‘rardi+. 18  So‘ng Yo‘natan unga dedi: «Ertaga yangi oy chiqadi+. O‘rning bo‘sh bo‘lgani uchun, yo‘q ekaningni payqashadi. 19  Uchinchi kuni esa yo‘qligingni ko‘proq payqashadi. Sen o‘tgan safar* yashiringan joyingga borib, o‘sha yerdagi toshning yonida tur. 20  Men xuddi biron narsani nishonga olganday, toshning bir tomoniga qarata uchta o‘q otaman. 21  Keyin: “Borib, o‘qlarni topib kel”,— deb xizmatkorimni yuboraman. Agar xizmatkorimga: “Ana, o‘qlar orqa tomoningda yotibdi, ularni olib kel”,— desam, o‘rningdan turib kelaver. Barhayot Xudo Yahova haqqi senga qasam ichib aytamanki, bu sen uchun tinchlikni anglatadi va senga hech narsa xavf solmaydi. 22  Bordi-yu, men unga: “Ana, o‘qlar sendan nariroqda, old tomoningda yotibdi”,— deb aytsam, unda ketaver. Chunki Yahova seni qo‘yib yuborgan bo‘ladi. 23  Bir-birimizga bergan va’daga kelsak+, o‘rtamizda Yahova toabad guvoh bo‘lsin»+. 24  Shunday qilib, Dovud shahar tashqarisida yashirindi. Yangi oy chiqqanda, shoh taom yeyish uchun o‘tirdi+. 25  Shoh har doimgidek o‘z joyiga, devor oldiga o‘tirdi. Yo‘natan Shoulning qarshisiga, Abnur+ esa uning yoniga o‘tirdi. Lekin Dovudning o‘rni bo‘sh edi. 26  Shoul o‘sha kuni hech nima demadi, chunki u: «Nimadir sodir bo‘lib, u nopok bo‘lib qolgandir+. Ha, u poklanmagan bo‘lsa kerak»,— deb o‘yladi. 27  Yangi oy chiqqandan keyingi kun ham Dovudning o‘rni bo‘sh qoldi. Shoul o‘g‘li Yo‘natandan: «Essayning+ o‘g‘li nega kecha ham, bugun ham taom yeyishga kelmadi?» — deb so‘radi. 28  Yo‘natan otasiga shunday javob berdi: «Dovud Baytlahmga borib kelay, deb mendan iltimos qilgan edi+. 29  U menga: “Iltimos, borishimga ruxsat bering. Oilamiz bilan shaharda qurbonlik keltirish uchun akam meni chaqirdilar. Agar nazaringizda iltifot topgan bo‘lsam, iltimos, hech kimga bildirmay, akalarimni ko‘rib kelishimga ruxsat bering”,— degan edi. Mana shu bois, u shoh bilan taom yeyishga kelmadi». 30  Shunda Shoulning Yo‘natanga jahli chiqib, unga dedi: «Ey isyonkor o‘g‘il*, sen Essay o‘g‘lining tarafini olib, o‘zingni ham, onangni ham sharmanda qilib yurganingni bilmaydi, deb o‘ylayapsanmi? 31  Toki Essayning o‘g‘li yer yuzida hayot ekan, sening shohliging mustahkam bo‘lmaydi+. Odam yuborib uni oldimga keltir, u o‘lishi kerak»+. 32  Ammo Yo‘natan otasi Shoulga: «Nega u o‘lishi kerak?+ U nima qildi?» — degan edi, 33  Shoul Yo‘natanni o‘ldirmoqchi bo‘lib unga nayzasini otdi+. Shunda otasi Dovudni o‘ldirishga qat’iy qaror qilganini u tushundi+. 34  Yo‘natanning qattiq jahli chiqdi va u o‘sha zahotiyoq dasturxondan turib ketdi. Dovud haqida qayg‘urgani+ va otasi uni haqorat qilgani uchun, u yangi oy chiqqan kunning ertasiga hech nima yemadi. 35  Ertalab Yo‘natan yosh bir xizmatkorini yoniga oldi-da, shahar tashqarisiga, Dovud bilan uchrashishga kelishgan joyga bordi+. 36  U xizmatkoriga: «Yugur, otgan o‘qlarimni topib kel»,— dedi. Xizmatkor yugurib ketdi va Yo‘natan o‘qni xizmatkoridan nariroqga, old tomoniga tushadigan qilib otdi. 37  Xizmatkor o‘q tushgan joyga yetganda, Yo‘natan unga: «O‘q nariroqda, old tomoningda emasmi?» — deb baqirdi. 38  U xizmatkoriga: «Tez bo‘l! O‘qlarni bu yoqga olib kel! Imillama!» — deb baqirdi. Xizmatkor o‘qlarni yig‘ib, xo‘jayiniga olib keldi. 39  Xizmatkorning hech nimadan xabari yo‘q edi. Bu nimani anglatishini Yo‘natan bilan Dovud bilardi, xolos. 40  Keyin Yo‘natan qurol-yarog‘larini xizmatkoriga berdi-da, unga: «Bularni shaharga olib bor»,— dedi. 41  Xizmatkor ketgach, Dovud shu atrofda yashiringan joyidan, janub tomondan chiqib keldi. U yuztuban tiz cho‘kib, uch marta ta’zim qildi. Keyin ular bir-birini o‘pib, yig‘lay boshlashdi. Biroq Dovud ko‘proq yig‘ladi. 42  Yo‘natan Dovudga: «Eson-omon boraqol. Chunki ikkimiz Yahovaning ismi bilan: “Ikkovimizning o‘rtamizda hamda sening avloding* bilan mening avlodim o‘rtasida Yahova toabad guvoh bo‘lsin”+,— deya qasam ichganmiz+»,— dedi. Keyin Dovud o‘rnidan turib, u yerdan ketdi. Yo‘natan esa shaharga qaytdi.

Izohlar

Yoki «hayotimni».
So‘zma-so‘z «Dovudga».
So‘zma-so‘z «Yo‘natanni».
So‘zma-so‘z «Dovudning».
So‘zma-so‘z «ish kuni».
Yoki «isyonkor ayolning o‘g‘li». Bu, Yo‘natanga qarata aytilgan haqoratli so‘zlar.
So‘zma-so‘z «urug‘ing».