Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Ota-onam bilan ular o‘rnatgan qonun-qoidalar haqida qanday gaplashishim mumkin?

Ota-onam bilan ular o‘rnatgan qonun-qoidalar haqida qanday gaplashishim mumkin?

 «15 yoshda bo‘lganimda ota-onam men uchun qonun-qoidalar o‘rnatishi o‘rinli edi, ammo endi men 19 ga kirdim va menga ko‘proq erkinlik berilishi kerak, deb o‘ylayman». (Silviya)

 Siz ham o‘zingizni Silviya kabi his qilyapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, ushbu maqola sizga ota-onangiz bilan bu masalani hal qilishga yordam beradi.

 Nimani bilishingiz kerak?

 Ota-onangiz bilan ular o‘rnatgan qonun-qoidalar haqida suhbatlashishdan oldin quyidagilarni ko‘rib chiqing:

  •  Qonun-qoidalarsiz hayot tartibsiz bo‘lardi. Tirband katta yo‘lni tasavvur qiling. Bu yo‘lda yo‘l harakati belgilari, svetofor va tezlik chegaralari bo‘lmasa-chi? Yo‘ldagi qonun-qoidalarga o‘xshab uydagi qonun-qoidalar ham tartib saqlanishiga hissa qo‘shadi.

  •  Qonun-qoidalar — ota-onangiz siz haqingizda g‘amxo‘rlik qilayotganining isbotidir. Bordi-yu, ota-onangiz umuman qoidalar o‘rnatmasa, bu ular siz bilan qiziqmayotganini ko‘rsatardi. Shunda ularni g‘amxo‘r ota-ona desa bo‘larmidi?

 BILASIZMI? Ota-onangiz ham qoidalarga rioya qiladi. Agar shubhalansangiz, Ibtido 2:24; Qonunlar 6:6, 7; Efesliklarga 6:4 va 1 Timo‘tiyga 5:8 ni o‘qib ko‘ring.

 Ota-onangiz o‘rnatgan qonun-qoidalarni haliyam o‘rinsiz, deb bilyapsizmi?

 Qanday yo‘l tutishingiz mumkin?

 Avval o‘ylab ko‘ring. Ota-onangiz o‘rnatgan qonun-qoidalarga doimo amal qilib kelganmisiz? Agar «yo‘q» desangiz, demak, hozir ko‘proq erkinlikka ega bo‘lish haqida so‘rashning vaqti emasdir. Undan ko‘ra «Ota-onamning ishonchini qay yo‘sin qozona olaman?» nomli maqolani o‘qib ko‘ring.

 Lekin, umuman olganda, ularning qoidalariga rioya qilgan bo‘lsangiz, unda ota-onangizga nimalar demoqchi ekaningizni oldindan o‘ylab qo‘ying. Fikrlaringizni oldindan yozib qo‘ying, shunda talablaringiz qanchalik oqilona ekaniga baho bera olasiz. Keyin esa ota-onangiz bilan bu haqda qachon va qayerda gaplashish qulayroq ekanini kelishib oling. Ular bilan gaplashganingizda esa quyidagilarni yodda tuting:

 Hurmat ila gapiring. Muqaddas Kitobda: «Qattiq so‘z... jahlni chiqaradi»,— deb yozilgan. (Hikmatlar 15:1) Buni o‘zingizga eslatib turing. Agar ota-onangiz bilan bahslashsangiz yoki ularni nohaq ekanida ayblasangiz, suhbatingiz janjalga aylanadi-qoladi.

 «Ota-onamga ko‘proq hurmatni namoyon etsam, ular javoban menga ham ko‘proq hurmat namoyon etishadi. O‘zaro hurmat bor bo‘lganda, murosaga kelish osonroq kechadi». (19 yoshli Byanka)

 Tinglang. Muqaddas Kitobda: «Har bir kishi tinglashga tayyor bo‘lsin. So‘zlashga... esa shoshilmasin»,— deb aytilgan. (Yoqub 1:19) Shuni yodda tutingki, siz ota-onangiz bilan suhbatlashyapsiz. Bu degani, sizdan nafaqat gapirish, balki ota-onangizni tinglash ham kutiladi.

 «Katta bo‘lganimiz sayin ota-onamizdan ko‘ra ko‘proq narsani bilamiz, deb o‘ylay boshlashimiz mumkin. Aslida esa bunday emas. Ularning maslahatlariga va pand-nasihatlariga quloq solsak, hech qachon kam bo‘lmaymiz». (20 yoshli Deven)

 O‘zingizni ota-onangiz o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Vaziyatga ota-onangizning ko‘zlari bilan qarab ko‘rishga harakat qiling. Alloh Kalomidagi «nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar», degan maslahatga amal qiling. (Filippiliklarga 2:4)

Mazkur maslahatlardan qaysi biri ko‘proq erkinlikka erishishingizga yordam bera oladi?

 «Men ota-onamga hamkor emas, dushman sifatida qarardim. Endi esa tushundimki, men qanchalik yaxshi farzand bo‘lishga intilgan bo‘lsam, ular ham shunchalik yaxshi ota-ona bo‘lishga intilishgandi. Ular hammasini meni qattiq sevishgani va men haqimda qayg‘urishgani uchun qilishgan». (21 yoshli Joshua)

 Takliflar bildiring. Tasavvur qiling, siz bir o‘tirishga bormoqchisiz. Ammo u yerga borish uchun bir soat talab etiladi, ota-onangiz esa borishingizga ruxsat bermayapti. Ularni nima tashvishga solayotganini aniqlang: uzoq manzilga bir o‘zingiz haydab borishingizmi yo o‘tirishmi?

  •   Ular uzoq manzilga bir o‘zingiz haydab borishingizdan tashvishlanishyapti, deb faraz qilaylik. Agarda mashinani yaxshi haydaydigan do‘stingiz bilan borsangiz, ular fikrini o‘zgartirishadimi?

  •   Ota-onangiz o‘tirishning o‘ziga qarshi deylik. Kimlar taklif qilinganini va kim barchasiga bosh-qosh ekanini aytsangiz, ular sizga ruxsat berishadimi?

 Ota-onangiz bilan hurmat ila gaplashing va ular nima demoqchi ekanini sabr ila tinglang. «Ota-onangizni hurmat qilayotganingiz» so‘zlar-u xulq-atvoringizda ko‘rinib tursin. (Efesliklarga 6:2, 3) Balki bu ish berar, balki bermas. Nima bo‘lganda ham, siz yana bitta narsa qilishingiz kerak.

 Ota-onangizning qarorini tayyorlik ila qabul qiling. Bu judayam muhim qadam, lekin uni odatda e’tiborga olishmaydi. Agar ota-onangiz rozi bo‘lmasa va ular bilan bahslashishga tushsangiz, keyingi safar sizga ko‘proq erkinlik berilishi amrimahol. Boshqa tomondan, ularning qarorini bajonidil qabul qilsangiz, kelajakda ular sizga, ehtimol, ko‘proq erkinlik berishlari mumkin.