Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Tinka-madorim qurimasligi uchun nima qilsam bo‘ladi?

Tinka-madorim qurimasligi uchun nima qilsam bo‘ladi?

 Tinka-madoringiz qurigan paytlar bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, bu maqola siz uchun!

 Nega bu yuz beradi?

  •   Juda band bo‘lish. 21 yoshli Juliya shunday dedi: «Hayotimizning har bir sohasida yaxshiroq mehnat qilishda, o‘z ustimizdan ishlashda, yuksak maqsadlar sari intilishda va a’loroq natijalarga erishishda to‘xtamasligimiz kerakligi ta’kidlanadi. Bunday bosim ostida bo‘lish oson emas».

  •   Elektron qurilmalar. Smartfon, planshet va boshqa qurilmalar tufayli haftada deyarli yetti kun, kunida 24 soat aloqada bo‘lish mumkin. Bu stress tug‘dirishi, vaqt o‘tib esa tinka-madorimiz qurishiga olib kelishi hech gap emas.

  •   Uyqu yetishmasligi. «O‘qish, ish va dam olishga vaqt ketkazib ko‘p yoshlar erta turib, kech yotadi. Bu ularni qopqonga tushirganday bo‘ladi»,— deb aytdi 24 yoshli Miranda. Bu odatda odamning sillasi qurishiga yetaklaydi.

 Nimaga bu jiddiy masala?

 Muqaddas Kitobga ko‘ra, mehnatsevar bo‘lishimiz lozim. (Hikmatlar 6:6–8; Rimliklarga 12:11) Lekin bu, hayotimizning boshqa sohalariga, jumladan, sog‘ligimizga putur yetguncha ishlashimiz kerakligini anglatmaydi.

 «Bir safar kun bo‘yi har xil ishlarni qilib hech narsa yemaganimni payqab qoldim. Har bir ishga rozi bo‘lib, sog‘ligimni qurbon qilish yaxshi emasligini tushundim». (Eshli)

 Shuning uchun, Muqaddas Kitobda: «Tirik it o‘lgan sherdan yaxshiroq»,— deb yozilgan. (Voiz 9:4) Haddan ortiq serharakat bo‘lib xuddi sherday kuchliman deb o‘ylashingiz mumkin, ammo bu vaqtincha. Chunki tinka-madoringiz qurisa, sog‘ligingizga zarar yetishi mumkin.

 Qanday yo‘l tutishingiz mumkin?

  •   Taklifni rad etishga o‘rganing. Muqaddas Kitobda: «Kamtarlarga esa donolik xosdir»,— deyilgan. (Hikmatlar 11:2) Kamtar kishi o‘z haddini bilib, haddan tashqari ko‘p ishni o‘ziga olmaydi.

     «Ko‘pincha taklifni rad eta olmaydigan, so‘ralgan har bir ishni qilishga harakat qiladigan kishining tinka-madori quriydi. Bu kamtarinlik yetishmasligining belgisidir. Ertami-kech, bunday kishining sillasi quriydi». (Jordan)

  •   Yetarlicha dam oling. Muqaddas Kitobda: «Bir hovuch orom, ikki hovuch zahmat va shamol ortidan quvishdan yaxshiroqdir»,— degan maslahat bor. (Voiz 4:6) Bekorga uyquni «miya uchun ozuqa» deb atashmaydi. Ammo ko‘p o‘smirlar ular muhtoj bo‘lgan vaqt davomida, ya’ni har kuni 8–10 soat uxlamaydi.

     «Jadvalim nihoyatda to‘lib ketganda, kamroq uxlashimga to‘g‘ri keladi. Lekin gohida ko‘proq uxlash, keyingi kuni samaraliroq ishlashim va o‘zimni baxtliroq his etishim uchun yetarli ekanini payqaganman». (Bruklin)

  •   Tartibli bo‘ling. Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi». (Hikmatlar 21:5) Vaqtingiz va ishlaringizni to‘g‘ri rejalashtirishni o‘rgansangiz, butun umr foyda ko‘rasiz.

     «Reja tuzib keraksiz stressdan holi bo‘lasiz. Jadvalingiz qo‘l ostingizda bo‘lsa, kerakli o‘zgarishlarni kiritish osonroq bo‘ladi. Bu tufayli esa tinka-madoringiz qurimaydi». (Vanessa)